Qo‘shtepa tumanida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga mansabdor shaxs fuqarodan 2 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabariga ko‘ra, Qo‘shtepa tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari A.X. fuqaro M.Sh.ni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, buning evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, Toshkentda oliygohga va ishga kiritib qo‘yish uchun 5,5 ming AQSH dollari talab qilgan fuqaro ushlangani haqida xabar berilgandi.
