Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, 18 iyun kuni barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 da boshlanadi.
Bunga ertaga, 18 iyun kuni soat 07:00 da bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston — Kolumbiya uchrashuvi sabab qilib ko‘rsatildi. Qaror xalqimiz terma jamoamizni uyda, oila davrasida qo‘llab-quvvatlashi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan.
Sherzod Asadovning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ertangi o‘yinni uyda, oila davrasida, nabiralari bilan tomosha qiladi.
Matbuot kotibi, shuningdek, davlat rahbari poytaxtda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro tadbirlar kunlarida sabr-toqat va madaniyat ko‘rsatayotgan aholiga minnatdorlik bildirganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ayni kunlarda O‘zbekistonda 102 davlatdan delegatsiyalar va 3 mingga yaqin xalqaro tashkilot vakillari mehmon bo‘lib turibdi. Xorijiy mehmonlar Toshkent va boshqa shaharlarning bugungi qiyofasi, ozodaligi hamda aholining madaniyatini alohida e’tirof etmoqda.
Sherzod Asadovga ko‘ra, nufuzli xalqaro tahlillarda Toshkent dunyodagi eng tez rivojlanayotgan shaharlar qatorida Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
“Bunday yirik xalqaro tadbirlar kunlarida shahar yo‘llarida muayyan noqulayliklar yuzaga kelishi mumkin. Xalqimiz tadbir ahamiyatini to‘g‘ri tushunib, ayniqsa, haydovchilarimiz va shahar ahli yuksak madaniyat ko‘rsatmoqda”, — dedi Prezident matbuot kotibi.
Sherzod Asadov Prezident nomidan obodonlashtirish sohasida mehnat qilayotgan xodimlar, haydovchilar, Toshkent ahli va mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, brifingda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi so‘nggi yangiliklar ham ma’lum qilindi.
