Surxondaryoda voyaga yetmagan yigit boshqargan Damas YTHga uchradi, ikki kishi halok bo‘ldi

Surxondaryoda voyaga yetmagan yigit boshqargan Damas YTHga uchradi, ikki kishi halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 17 yoshli o‘smir boshqargan Damas va 20 yoshli yigit boshqaruvidagi Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan.

 

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berishicha, hodisa 28-may kuni soat 23:50 larda Uzun tumani “Chaqar” mahallasi hududidan o‘tuvchi D-169 avtomobil yo‘lining 132-kilometrida sodir bo‘lgan. 17 yoshli o‘smir to‘rt nafar sinfdoshlari bilan birga Damas avtomashinasini boshqargan.

 

U o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 20 yoshli tanishi boshqaruvidagi Nexia avtomobili bilan o‘zaro tezlik bo‘yicha bellashgan.

 

Oqibatda Damas avtomashinasining voyaga yetmagan haydovchisi va Nexia avtomobilidagi yo‘lovchilardan biri vafot etgan.

 

Qolganlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

 

Avvalroq, Farg‘onada voyaga yetmagan haydovchi 3 nafar 10 yoshli qizni urib yuborgani, oqibatda ulardan biri vafot etgani haqida xabar berilgan edi.