“Kuniga oz-ozdan mehnat orzuni haqiqatga aylantiradi” — 10-sinf bitiruvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

“Kuniga oz-ozdan mehnat orzuni haqiqatga aylantiradi” — 10-sinf bitiruvchisi muddatidan avval talaba bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf bitiruvchisi Akramjonov Shohjahon Athamjonovich muddatidan avval talabalikni qo‘lga kiritdi. U CEFR B2, tarix A, matematika B+ va o‘zbek tili va adabiyot C darajali sertifikatlarni olgan.

 

O‘quvchi kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishiga kirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“Diplomatiya va xalqaro munosabatlar — bolalik orzusi”

 

Shohjahonning aytishicha, ushbu yo‘nalish unga chet tillari, diplomatiya va xalqaro siyosatga qiziqqani uchun yoqadi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi taxminan bir yil oldin paydo bo‘lgan. Avvaliga oddiy qiziqish edi, keyin esa bu oliygohga kirishda katta imkoniyat ekanini tushundim. Tayyorgarlik boshida qiyin bo‘ldi, lekin asta-sekin rejali o‘qishga o‘tdim”, — deydi u.

 

“Bir yil ichida tizimli tayyorgarlik shakllandi”

 

Shohjahon har bir fan bo‘yicha o‘rtacha 1–5 oy davomida tayyorlangan. U turli fanlardan turlicha natijaga erishgan bo‘lsa-da, umumiy yondashuv barqaror bo‘lgan:

 

Ingliz tili — CEFR B2 (4 oy)

Tarix — A daraja (3 oy)

Matematika — B+ (5 oy)

Ona tili — C daraja (1 oy)

 

Uning fikricha, eng muhim jihat vaqt emas, balki muntazamlik bo‘lgan.

 

“Maktab muhitining o‘rni katta bo‘ldi”

 

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘qish Shohjahon uchun katta imkoniyat bo‘lgan. Ustozlar bilan birga ishlash, kuchli akademik muhit uning natijalariga bevosita ta’sir qilgan.

 

“Tayyorgarlik jarayonida asosan maktabdagi o‘qituvchilarim bilan tayyorlandim. Maktab darsliklari va qo‘llanmalardan muntazam foydalandim. YouTube’dagi darslar ham bilimimni mustahkamlashda katta yordam berdi”, — deydi u.

 

“Mock testlar — muvaffaqiyat kaliti”

 

Shohjahon uchun eng samarali usul ko‘p sonli mock testlar bilan ishlash bo‘lgan. Har bir test uning bilimini sinovdan o‘tkazib, xatolarni ko‘rsatib bergan.

 

“Tayyorgarlik vaqtida men uchun eng samarali usul — ko‘p mock testlar ishlash bo‘ldi. Har bir testdan keyin xatolarimni tahlil qilib, ular ustida ishlashga harakat qilardim. Aynan shu usul bilimimdagi kamchiliklarni aniqlash va keyingi testlarda ularni takrorlamaslikka katta yordam berdi”.

 

Shuningdek, vaqt bilan ishlangan testlar esa imtihon muhitiga moslashishga yordam bergan.

 

“Imtihon — kutilganidan ham tanish jarayon”

 

Shohjahon imtihon kuni katta hayajon sezmaganini aytadi. Sababi u oldindan shunday turdagi savollarga ko‘p tayyorlangan bo‘lgan.

 

“Savollar umumiy jihatdan kutganim darajasida bo‘ldi. Tayyorgarlik jarayonida oldingi sertifikat imtihonlarida tushgan savollarni ham ko‘rib chiqqanim uchun test formati menga tanish edi. Shu sababli imtihon paytida katta hayajonlanish yoki qiyinchilik bo‘lmadi. Albatta, ayrim savollar biroz murakkabroq edi, ayniqsa tarix fanida voqealarni tahlil qilish va ingliz tilida reading qismidagi diqqat talab qiladigan topshiriqlar. Lekin oldindan shunday tipdagi savollarni ko‘p ko‘rib chiqqanim va mock testlar ishlaganim sababli ularni yechishda katta muammo bo‘lmadi. Umuman olganda, tayyorgarlik qanchalik kuchli bo‘lsa, savollar shunchalik “tanish” ko‘rinadi”.

 

“Time management — muvaffaqiyatning asosiy tayanchi”

 

Shohjahonning eng muhim ko‘nikmalaridan biri — vaqtni to‘g‘ri boshqarish bo‘lgan. U har kuni aniq reja asosida ishlagan.

 

““Time management” men uchun eng muhim jihatlardan biri bo‘lgan. Men maktabda Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘qiganim uchun darslar ham kuchli va ko‘p bo‘lardi. Shu sababli ham oldindan aniq kunlik reja tuzib olishga odatlanganman. Asosiy usulim — vaqtni bo‘lib ishlash edi: maktabdan keyin dam olib, keyin ma’lum bir soatni faqat sertifikat tayyorgarligiga ajratardim”, — deydi u.

 

Uning ta’kidlashicha, “bir kunda ko‘p o‘qish” emas, balki “har kuni barqaror o‘qish” natija beradi.

 

“Har kuni kam bo‘lsa ham doimiy o‘qish qilishga harakat qilganman, “bir kunda ko‘p o‘qish”dan ko‘ra “har kuni barqaror o‘qish” menga ko‘proq yordam bergan. Bo‘sh vaqtlarimni ham foydali ishlarga sarflashga harakat qilganman: yo‘lda, tanaffuslarda qisqa takrorlashlar yoki ingliz tilidagi kichik testlar ishlash. Eng muhimi esa — charchab qolmaslik uchun reja bilan dam olishni ham to‘g‘ri taqsimlaganman. Shu usul menga maktab darslari va sertifikat tayyorgarligini birga olib borishga yordam bergan”.

 

“Uyqu va intizom — muhim saboq”

 

“Bu holat menda ham bo‘lgan. Ayniqsa, imtihonga yaqin paytlarda ko‘proq tayyorgarlik qilganim sabab ba’zi kunlari uyqu rejimim biroz buzilgan. Kech qolib o‘qigan paytlarim ham bo‘lgan, lekin keyin bu holat natijaga salbiy ta’sir qilishini tushunib yetdim”, — deydi u.

 

Ammo vaqt o‘tishi bilan Shohjahon tayyorgarlik jarayonida uyqu rejimini to‘g‘ri saqlash yuqori natija uchun muhimligini tushungan.

 

“Shu sababli asta-sekin uyquni tartibga solishga harakat qildim: ertaroq yotish, kun davomida rejamni to‘g‘ri taqsimlash va kechasi juda uzoq o‘qib ketmaslikka e’tibor berdim. Chunki yaxshi uyqu bo‘lmasa, keyingi kun diqqat va samaradorlik ham pasayadi. Umuman olganda, men uchun muhim xulosa shuki — tayyorgarlik bilan birga uyqu rejimini saqlash ham yuqori natija uchun juda muhim ekan”.

 

“Tushkunlik bo‘lgan, lekin to‘xtash yo‘q edi”

 

“Tayyorgarlik jarayonida tushkunlikka tushgan paytlarim ham bo‘lgan. Ayniqsa ayrim mock testlarda kutilgan natija chiqmaganda yoki bir xil xatolar takrorlanganda biroz ruhiy tushkunlik bo‘lardi. Bunday paytlarda “natija chiqmayapti” degan fikr ham paydo bo‘lishi mumkin edi. Shunday vaziyatlarda ota-onam va ustozlarim menga katta motivatsiya berishardi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi, ishonchi va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi ruhiy jihatdan ancha kuch beradi va yana harakat qilishga undaydi. Men ham asta-sekin tushkunlikni o‘tkazib yuborib, xatolar ustida ishlashni davom ettirardim.

Umuman olganda, psixologik tayyorgarlik juda muhim deb o‘ylayman. Chunki bilim bo‘lsa ham, ruhiy holat to‘g‘ri bo‘lmasa natijaga ta’sir qiladi. O‘ziga ishonch va yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi bu jarayonda katta rol o‘ynaydi”, — ta’kidlaydi u.

 

Hozirda Shohjahon IELTS va SAT imtihonlariga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Shohjahonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birida 10-sinf bitiruvchisi Palvannazirova Jasmina Madiyor qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.