Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birida 10-sinf bitiruvchisi Palvannazirova Jasmina Madiyor qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan bir yil avval talabalikni naqd qildi.
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanida 10-sinf bitiruvchisi Palvannazirova Jasmina Madiyor qizi muddatidan avval talabalikni qo‘lga kiritdi.
U kimyo va biologiya fanlaridan A+, o‘zbek tili va adabiyotidan B+, matematika fanidan C+, tarix fanidan esa C darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda Jasmina Toshkent davlat tibbiyot akademiyasining “Davolash ishi” yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Tibbiyotga qiziqish 7-sinfdayoq boshlangan”
Jasminaning aytishicha, tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqish juda erta — 7-sinf davrida shakllangan. Aynan shu davrda u biologik jarayonlar va kimyo fanlariga qiziqa boshlagan.
7-sinf paytlarimda tibbiyot sohasida o‘qish istagi paydo bo‘lgan. Maktabdagi biologiya va kimyo fanlaridan olgan ilk bilimlarim meni shu yo‘nalishga olib kirgan. Ustozlarimning tushuntirishlari va darslardagi qiziqarli tajribalar menga kuchli motivatsiya bergan, — deydi u.
Shu tariqa u maktab bosqichidanoq kelajak kasbini aniq belgilab olgan va barcha harakatlarini shu maqsadga yo‘naltirgan.
“9-sinfdan qo‘shimcha ta’lim yo‘lini tanladim”
Jasmina 9 yillik ta’limni Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 6-maktabda olgan. 9-sinfdan boshlab esa bilimini chuqurlashtirish maqsadida maktab darslaridan tashqari qo‘shimcha ta’limga ham qatnasha boshlagan.
9-sinfdan keyin maktab darslaridan so‘ng, xususiy maktabda qo‘shimcha darslarga qatnay boshladim. Bu davr men uchun juda muhim bo‘lgan, chunki maktab darslari va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni bir vaqtda olib borish oson emas edi.
“Tungi 1–2 gacha davom etgan mehnat”
O‘quvchi tayyorgarlik jarayonini juda qat’iy rejimda olib borgan. Ba’zi kunlari u tungi soat 1–2 gacha dars tayyorlagan, ertalab esa 6:30 da yangi kunni boshlagan.
Ba’zan juda qiyin bo‘lgan davrlar ham bo‘ldi. Kechasi 1–2 gacha o‘qirdim, ertalab 6:30 da yana yangi kun mashg’ulotlariga sho‘ng‘irdim. Ota-onam 10-sinfdan boshlab ta’limimni to‘liq Darxon Inspiring School’da davom ettirishimga qaror qilishdi. Bir yil davomida uyqusiz tunlar, 4–5 soatlik uyqu bilan yashadim, — deydi u.
“Bir yil ichida 5 fan bo‘yicha tayyorgarlik”
Jasminaning aytishicha, bir yil davomida 5 ta fan bo‘yicha bir vaqtning o‘zida tayyorgarlik ko‘rgan. Ayrim fanlardan natija kutilgan darajada bo‘lmagani sababli, u ba’zi sertifikat imtihonlarini qayta topshirishga majbur bo‘lgan.
Bir yil davomida bir nechta fanlardan tayyorlandim. Ba’zilaridan birinchi urinishda kutilgan natijani ololmaganim uchun qayta topshirishga to‘g‘ri keldi. Lekin har bir xato menga yangi saboq berdi.
U tayyorgarlik jarayonida darsliklar, kuchli repetitorlar, yangi test to‘plamlari va milliy sertifikat variantlaridan keng foydalangan.
“Pomodoro usuli — mening asosiy yordamchim bo‘ldi”
Tayyorgarlik davomida Jasmina turli o‘qish metodlaridan foydalangan. U uchun eng samarali usullardan biri “Pomodoro” texnikasi bo‘lgan.
Pomodoro usuli — menga juda katta yordam berdi. 25 daqiqa o‘qib, 5 daqiqa dam olardim. Har 4 ta tanaffusdan keyin 15 daqiqalik katta tanaffus qilardim. Bu ilova diqqatimni yo‘qotmaslik va charchamaslik uchun juda foydali bo‘ldi, — deydi u.
“Ustozlarimiz bizni murakkab savollarga tayyorlashgan”
Jasmina imtihon jarayonlarida qiyinchilik sezmaganini aytadi. Buning asosiy sababi esa ustozlar tomonidan berilgan kuchli tayyorgarlikdir.
Ustozlarimiz bizni har xil darajadagi, hatto murakkab savollar bilan ham ishlatishgan. Ustozlarim Navro‘zov Baxtiyor, Amirov Abdunabi, Bo‘ronboyeva Muattar (6-maktab), Tirkasheva Gulshoda ilm yo‘limda muhim rol o‘ynadilar. Shuning uchun, imtihon savollari men uchun kutilmagan qiyinchilik tug‘dirmadi.
“Boshlanishi qiyin bo‘lgan, lekin keyin tizim shakllandi”
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab barcha ishlarni bir vaqtda ulgurish juda qiyin bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan u o‘ziga mos kun tartibini shakllantirgan.
Boshida ancha qiynalganman. Biriga ulgurib, boshqasini qoldirib ketardim. Keyinchalik asta-sekin ko‘nikdim va kun tartibi tuzdim. Maktab darslariga 1–2 soat, sertifikatlarga esa 5–6 soat vaqt ajratardim. O‘qituvchilarimiz bizga ko‘pi bilan 5 soat uyqu hozircha yetadi dedilar, ayrim kunlar 2-3 soatgina uxlaganman, — eslaydi u.
Jasminaning muvaffaqiyatida oilaviy nazorat va intizom ham muhim rol o‘ynagan. U telefon va ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmagan.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar faqat o‘qish uchun ishlatilgan. Ota-onam va ustozlarim bu borada qat’iy nazorat qilishgan. Ular doim ‘hozir faqat o‘qish vaqti, natijaga erishsang, keyin hamma narsaga ulgurasan’ deb aytishardi.
“Tushkunlik ham bo‘lgan, lekin motivatsiya kuchli edi”
Har qanday katta natija ortida ruhiy bosim ham bo‘lishi tabiiy. Jasmina ham ba’zi bosqichlarda tushkunlikka tushganini tan oladi.
Sal avval aytganimdek, ba’zi imtihonlarda kutilgan natija chiqmagan paytlar bo‘lgan. Albatta, qiyinchilik kelgan joyda tushkunlik hamroh bo‘lishi odatiy hol. Ayniqsa, asosiy fanlarimdan birinchi marta topshirgan sertifikatlarimda natija kutganimdek bo‘lmagan, “B” daraja chiqqan. ‘B dan boshqa daraja peshonamga bitmaganmikan’ deb o‘ylaganman. Albatta bu tushkunlik vaqtincha bo‘lgan, ota-onam va ustozlarimni bergan motivatsiyasi sabab yana oldinga intilganman, — ta’kidlaydi u.
“Imtihonda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash juda muhim”
Jasmina muvaffaqiyatga erishishda nafaqat bilim, balki strategiya ham muhimligini ta’kidlaydi.
Imtihonda eng muhim narsa — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash. Bilmaydigan savolga ortiqcha vaqt sarflamaslik kerak. Avval biladigan savollarga ishonch bilan javob berish zarur, — deydi u.
“Harakatdan to‘xtamaslik kerak”
U bugungi kunda ham yosh o‘quvchilarga o‘z tajribasini ulashmoqda. Uning asosiy tavsiyasi esa qat’iyat va doimiy mehnatdir.
Chalg‘itadigan hamma narsadan uzoq turish, vaqtni behuda sarflamaslik va harakatdan to‘xtamaslik kerak. Har bir topshiriqni vijdonan (ko‘chirmachilik va ko‘zbo‘yamachilik qilmasdan) bajarish juda muhim, — deydi u.
Jasmina hozirda ingliz tilini yanada chuqur o‘rganmoqda va biologiya fanini ham ingliz tilida o‘zlashtirishni maqsad qilgan. Uning orzusi — nufuzli xalqaro universitetlarda tahsil olish.
Jasminani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, kardioxirurg kasbini egallamoqchi bo‘lgan Farg‘onalik bitiruvchi Mohinur Qodirova bilan suhbatlashgan edik.
