Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bola 1-sinfga qabul qilinadi

Yangi o‘quv yilida 795 mingdan ortiq bola 1-sinfga qabul qilinadi

2026–2027-o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 795 ming nafardan ortiq bolani qabul qilish rejalashtirilmoqda. Joriy yilda maktablarga onlayn qabul qamrovi kengaytirilib, qator hududlarda jarayon to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, 2025–2026-o‘quv yilining yakuniy davlat imtihonlari 1–15 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

Vazirlik tomonidan imtihon jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida imtihon variantlari har bir sinov kunidan bir kun oldin qur’a tashlash orqali tanlanib, vazirlikning rasmiy saytida e’lon qilib borilishi ta’kidlandi.

 

Yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tahlillarga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilida maktablarning 1-sinfiga 795 ming nafardan ortiq bola qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

Qayd etilishicha, joriy yilda maktablarga onlayn qabul tizimi sezilarli darajada kengaytirilgan. Endilikda tizim 135 ta tuman va shahardagi 5 690 ta maktabni qamrab oladi. Avval bu ko‘rsatkich 64 ta hudud va 1 950 ta maktabdan iborat edi.

 

Shuningdek, Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi barcha maktablar to‘liq onlayn qabul tizimiga o‘tkazilgan.

 

Ma’lum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan, Prezident, ijod va sport maktablari hamda boshqa maxsus ta’lim muassasalariga qabul ham onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ushbu maktablarga kirish uchun 150 mingdan ortiq ariza topshirilgan.

 

Prezident maktablariga hujjat topshirishi kutilayotganlar soni 55 ming nafarga yaqin ekani qayd etildi. Birinchi bosqich imtihonlari respublika bo‘ylab 121 ta katta sig‘imli binoda bir smenada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

Yig‘ilishda yozgi ta’til mavsumi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Umumta’lim maktablari qoshidagi 1 242 ta sog‘lomlashtirish maydonchasida 156 ming nafardan ortiq bolalar uchun dam olish sharoitlari yaratiladi.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 179 ta statsionar oromgohda 158 ming nafar, vazirlik tizimidagi 21 ta sog‘lomlashtirish maskanida esa 7 mingdan ortiq o‘quvchini qamrab olish rejalashtirilgan.

 

Qayd etilishicha, bolalar uchun dam olish jarayonlari maxsus ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida tashkil etiladi.

 

Avvalroq, 2026–2027 oʻquv yilida umumiy oʻrta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul tartibi belgilangan edi.