“Koʻchada bemaqsad yurmayman”, “oʻquvchilarni doim nazorat qilaman”: oʻquvchi va oʻqituvchilardan yozgi ta’til uchun kafolat xati olindi. Vazirlik holatga izoh berdi

“Koʻchada bemaqsad yurmayman”, “oʻquvchilarni doim nazorat qilaman”: oʻquvchi va oʻqituvchilardan yozgi ta’til uchun kafolat xati olindi. Vazirlik holatga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sinf rahbarlaridan yozgi taʼtilda davomida ham oʻquvchilarga koʻz-quloq boʻlib, ularni doim nazorat qilib turishi, bundan tashqari oʻquvchilardan ham yozgi taʼtil davomida ayrim harakatlarni bajarmasliklari haqida olingan kafolat xatlari tarqaldi. Ushbu holat jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi.

 

Jumladan, oʻquvchilardan turli koʻngilochar tadbirlarda ishtirok etmaslik, norasmiy diniy oʻqishlar va hujralarga chiqmaslik, kechki 20:00 dan keyin koʻchalarda bemaqsad yurmaslik, doimo ota-onasining nazoratida boʻlish va shu kabi bir qancha ishlarni qilish va qilmaslik borasida kafolat xati olingan.

“Koʻchada bemaqsad yurmayman”, “oʻquvchilarni doim nazorat qilaman”: oʻquvchi va oʻqituvchilardan yozgi ta’til uchun kafolat xati olindi. Vazirlik holatga izoh berdi

Oʻqituvchilar uchun esa, ushbu kafolat xatida yozgi taʼtil davomida oʻquvchilarining ota-onasi bilan doimiy aloqa boʻlib turishi, shuningdek, oʻquvchilarning har xil yigʻinlar qilishlariga, pul yigʻimlari qilishlariga, kafe, restoran, choyxonalarda oʻtirishlar-kechalar uyushtirilmasligini qattiq nazorat qilishi belgilab qoʻyilgan.

 

KAFOLAT XATI

 

“Men…….maktabda …. sinfga rahbarlik qilaman. Men 2026-oʻquv yili yakunlanayotganligi yozgi kanikul munosabati bilan yozgi kanikul vaqtida oʻquvchilarimning ota-onalari bilan bogʻlanib ota-onalardsan kafolat xatlarini olib, oʻzim rahbarlik qilayotgan sinf oʻquvchilarini qattiq nazorat ostiga olaman, ularni sinf bilan birgalikda har xil oʻtirishlar, yigʻinlar qilishlariga, pul yigʻimlari qilishlariga, kafe, restoran, choyxonalarda oʻtirishlar-kechalar uyushtirilmasligini qattiq nazorat qilaman va kafolatlayman. Taʼtil vaqtida ota-onalar bilan muntazam aloqada boʻlib, har bir ota-ona bilan hamkorlikda ishlashga, oʻquvchilarni xavfsizlik qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilaman. Shahar markazlariga ota-onasini nazoratisiz chiqmaslikka, tungi soat 21:00 dan keyin yurishlariga yoʻl qoʻymayman. Maktabda maktab taʼmiri uchun pul yigʻmaslikka kafolat beraman. Yuqoridagi holatlar yuzasidan har kuni maktab direktori va MMIBDOʻga axborot berib turishga kafolat beraman. Yuqoridagilar yuzasidan ota-onalardan kafolat xatlarini olib, 20.05.2026 sanaga qadar MMIBDOʻga topshiraman. Men, oʻzim sinf rahbarlik vazifalarimni toʻliq bilaman, agar ularga rioya qilmasam har qanday qonuniy chora koʻrishingizga roziman”, deb yozilgan ushbu kafolat xatida.

 

“Koʻchada bemaqsad yurmayman”, “oʻquvchilarni doim nazorat qilaman”: oʻquvchi va oʻqituvchilardan yozgi ta’til uchun kafolat xati olindi. Vazirlik holatga izoh berdi

Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev ushbu holatga nisbatan oʻzining telegramdagi sahifasida fikr bildirdi. Jurnalist oʻz postida “oʻquvchilarni taʼtilda ham nazorat qilish uchun ular 3 oylik uyquga ketishi kerak” deya, kinoya qilgan.

 

«Biror oʻzingiz ishongan, sizlarni ham xafa qilmaydigan (rozi qiladigan) halol-pok jiyan-piyanlarning ertaga ertalab ochiladigan firmasiga mana shunaqa uyqu kapsulalaridan biror 5-6 mln dona sotib olish huquqini bersangiz, puli bilan birga (banklarni jamoaviy bir soʻkib bersangiz, biror trillion yigʻib berishar, har doimgidek).

Keyin, taʼtil boshlanishi bilan hamma oʻquvchilarni mana shu kapsulalarga yotqizib, uxlatasiz, vassalom — sentyabrgacha na biror oʻquvchi hujraga boroladi, na lotokda choʻmiloladi, na uyida tugʻilgan kun qiloladi, hatto bemaqsad siyib ham qoʻymaydi. “Oʻzbekkino” orqali Kristofer Nolan degan odamga chiqilsa, yordam beradi shunaqa uyqu kapsulalarini topishga, menimcha.

Kafolat tilxati nima u — bir chaqaga qimmat qogʻoz, ertaga baribir bolaning esidan chiqib ketadi. Uyqu kapsulasi esa — bolalar va, eng muhimi, davlatimiz tinchligini taʼminlash yoʻlidagi kafolatli yechim. Bolalarga ham foyda — yilda uch oy toʻyib uxlaydi, oxiri videodagi doktor Mann kabi tavbasiga tayanib uygʻonadi, kafolat xatisiz ham yaxshi bola boʻlishga qaror qilib (lekin doktor Manning oʻzi yaxshi bola emas; hay, bu boshqa mavzu).

Bu taklifning yana bir samarali tomoni shundaki, uyqu kapsulalari sharofati bilan oʻqituvchilar va ayniqsa sinf rahbarlarining qoʻli ham ancha boʻshaydi — davlatimizning bu tekin va beqadr ishchi kuchini keyin bemalol boshqa ishlarga yoʻnaltirsa boʻladi», — deydi Muhrim Aʼzamxoʻjayev.

 

Jurnalist sinf rahbarlarga yozgi taʼtil davomida ham oʻquvchilarni nazorat qilib borishi vazifasi yuklatilganini qoraladi. U oʻqituvchilarga oʻz vazifasidan boshqa ishlarni yuklashni, atomning kuchini oʻtin yorishga sarflashdek gap deya, izohlagan.

 

“Oliy maʼlumotli, lekin na bir uni himoya qiladigan kasaba uyushmasi bor, na oʻzini himoya qilishga kuch-xohishi bor, qonuniy va noqonuniy har qanday yuklama va topshiriqni oʻz zimmasiga olishga tayyor, haq-huquqsiz bunday kadrlarni shunchaki bolalarga qarovchi qilib qoʻyish — atomning kuchini oʻtin yorishga sarflashdek gap. Qarang, hatto pul bermasa ham hamma ishini tashlab, 30-35 ta oʻquvchiga koʻz-quloq boʻlib yurishga tayyor — boshqa, koʻproq foyda keltiradigan ishlarga yoʻnaltiraylik shuncha resursni. Davlatimiz bir jahd qilsa, eplay oladi, deb oʻylayman”, — deydi Muhrim Aʼzamxoʻjayev.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Maʼlum qilinishicha, vazirlik tomonidan tomonidan hududiy boʻlinmalar va taʼlim muassasalariga bu mazmundagi koʻrsatma yoki tavsiya berilmagan.