Bugundan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining 2-bosqichida nomzodlarning dars oʻtish jarayonini baholash boshlanadi (video-yo‘riqnoma)

Bugundan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining 2-bosqichida nomzodlarning dars oʻtish jarayonini baholash boshlanadi (video-yo‘riqnoma)

Bugun, joriy yil 25-fevral kuni soat 18:00 da “Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqich nomzodlarining dars oʻtish sinov jarayonlarini pedagog.uzedu.uz platformasi orqali baholash boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

 

Xabaringiz bor, joriy yilning fevral oyida “Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqich sinovlari oʻtkazildi hamda unda Respublika bo‘ylab barcha tuman (shahar)idan 3 nafardan — jami 624 nafar pedagog qatnashdi.

 

Qayd etilishicha, pedagoglarning ovoz berishlari uchun nomzodlarning dars oʻtish jarayoni videokameraga yozib olinib, belgilangan tartibda (montajsiz) pedagog.uzedu.uz maxsus platformasiga joylashtirilgan.

 

2026-yil 25-fevral kuni soat 18:00 da pedagoglar tomonidan nomzodlarning dars oʻtish sinov jarayonlarini pedagog.uzedu.uz platformasi orqali baholashga start beriladi.

 

Bunda pedagoglar oʻzi yashab turgan tegishli tuman (shahar) boʻyicha nomzodlarning darslarini quyidagi videoqoʻllanmada koʻrsatilganidek baholashlari mumkin.

 

Baholash jarayonlari 2026-yil 28-fevral kuni soat 23:29 ga qadar davom etadi.

 

Maʼlumot uchun: nomzodlarning dars oʻtish mahorati hakamlar hayʼati (60 ball) hamda tegishli tuman (shahar)da faoliyat yuritayotgan pedagoglar tomonidan (ovoz berish yoʻli orqali 40 ball) baholanadi.

 

Hakamlar hay’ati va pedagoglar tomonidan berilgan ballar asosida nomzodning umumiy natijasi shakllantiriladi, biroq ikkinchi bosqich natijalari to‘liq umumlashtirilmaguniga qadar e’lon qilinmaydi.

 

Ikkinchi bosqich yakuniga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi. Agar ballar teng bo‘lib qolsa, maxsus platforma orqali qayta ovoz berish tashkil etiladi va eng yuqori ball to‘plagan nomzod keyingi bosqichga o‘tadi.