2026–2030-yillar davomida texnikumlarning malaka oshirish jarayonlarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan umumta’lim va maxsus fan o‘qituvchilari hamda ishlab chiqarish ta’lim ustalarini xorijga malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 10-apreldagi 134-son buyrug‘i bilan “Malaka oshirishda eng yaxshi natija koʻrsatgan ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, umumtaʼlim fanlari va maxsus fan oʻqituvchilarini aniqlash tartibi” tasdiqlandi.
Saralash qanday amalga oshiriladi?
Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan har yili malaka oshirishda eng yaxshi natija koʻrsatgan 50 nafardan ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, umumtaʼlim fanlari va maxsus fan oʻqituvchilari malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Texnikumlarning xorijga yuboriladigan pedagoglari ro‘yxati Agentlikda maxsus komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
Malaka oshirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan pedagoglar my.moqt.uz raqamli platformasidagi portfoliolari ko‘rsatkichlari bo‘yicha va yakuniy attestatsiyada qo‘yilgan (test sinovlari va bitiruv malakaviy ishi himoyasi uchun qo‘yilgan) ballar yig‘indisiga ko‘ra saralanadi.
Saralash natijalari asosida shakllantirilgan yakuniy ro‘yxat har yili 15-yanvarga qadar maxsus komissiyaga taqdim etiladi.
Teng natija bo‘lsa nima bo‘ladi?
Agar saralash jarayonida bir nechta nomzodlarning ko‘rsatkichlari teng kelib qolsa, milliy yoki xalqaro darajadagi chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga ustuvorlik beriladi:
Ballar quyidagicha taqsimlanadi:
Quyidagi toifadagi pedagoglar uchun:
- Ta’lim ustalari;
- Maxsus fanlar o‘qituvchilari;
- Umumta’lim fanlari o‘qituvchilari (xorijiy til o‘qituvchilaridan tashqari):
- B1 daraja uchun — 1 ball;
- B2 daraja uchun — 2 ball;
- C1 va undan yuqori daraja uchun — 3 ball qo‘shib beriladi.
Xorijiy til fani o‘qituvchilari uchun esa:
- C1 daraja uchun — 1 ball;
- C2 daraja uchun — 2 ball ustuvorlik beriladi.
Maxsus komissiya tomonidan sertifikatlarning muvofiqligi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan (raqami – 3515) “Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorning 3-bobiga asosan aniqlanadi.
Natijalar
2026-yildan boshlab malaka oshirish uchun xorijga yuboriladigan pedagoglarning yakuniy ro‘yxati Maxsus komissiya tomonidan keyingi kalendar yilining 20-yanvar kuniga qadar tasdiqlanadi va malaka oshirishga yuborish mart oyidan boshlab amalga oshiriladi.
2026-yilda xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan pedagoglar 2025-yilda malaka oshirgan pedagoglar orasida saralanadi.
Xorijga yuboriladigan davrda pedagoglar kasbiy ta’lim tizimida faoliyatini yakunlagan yoki o‘z xohishiga ko‘ra malaka oshirishga borishni rad etgan taqdirda, bo‘shagan o‘rinlar uchun nomzodlarni saralash ballar ketma-ketligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Xorijda malaka oshirib qaytgan pedagoglar texnikumdagi boshqa pedagoglar uchun kamida bir marta seminar o‘tkazadi.
Mazkur tartibga asosan xorijga malaka oshirish uchun yuboriladigan pedagog kadrlarga kamida 3 yildan so‘ng saralashda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
