Ertaga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipеndiya tanlovi uchun hujjat topshirishning so‘nggi kuni

Ertaga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipеndiya tanlovi uchun hujjat topshirishning so‘nggi kuni

Xabaringiz bor, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashining tegishli qaroriga muvofiq, nufuzli universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish uchun 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovi eʼlon qilingan edi.

 

Mazkur tanlov uchun hujjatlar maxsus — onlayn platforma orqali 2025-yil 12-noyabrdan 26-noyabrga qadar (shu kunning oʻzida ham 23:59 ga qadar) qabul qilinadi.

 

“El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi, test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.

 

Bakalavriat bo‘yicha hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga ko‘ra:

 

– birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) to‘liq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;

 

– birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;

 

– birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.

 

Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berildi.