Xabar berganimizdek, 2025-yil 11-noyabrda Prezident tomonidan imzolangan O‘RQ–1094-sonli Qonun bilan Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilindi.
Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixidagi oliy ta’lim sohasiga oid ilk global shartnoma bo‘lib, u barcha mamlakatlar uchun yagona va adolatli tamoyillarni belgilaydi.
O‘zbekiston “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilgan 39 mamlakatdan biriga aylandi. O‘zbekistonning bu qadamni tashlashi ham xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlaydi, oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va akademik mobillikni ta’minlashda yangi imkoniyatlar ochadi.
Konvensiyaga a’zo davlatlar orasida Yaponiya, Finlyandiya, Shvesiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolligi, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar ham bor. Shuningdek, Gruziya, Litva, Luksemburg, Slovakiya va Ruminiya ham konvensiyaga qo‘shilgan.
Shartnoma preambula, 7 bo‘lim va 25 moddadan iborat bo‘lib, konvensiyaning maqsadlari, oliy ta’limga oid malakalarni tan olishning asosiy tamoyillari hamda konvensiyaga a’zo davlatlarning majburiyatlarini o‘z ichiga oladi.
“Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ning birinchi va yettinchi moddalariga ko‘ra, a’zo davlatlar xorijiy mamlakatda olingan oliy ta’limga oid malakalarni o‘zaro tan olish majburiyatini oladi. Bu esa, har bir davlat uchun o‘z milliy maqsadlari va ta’lim standartlaridan kelib chiqib, xorijda olingan malakalarni baholash imkonini ta’minlaydi. Shu bilan birga, xorijiy fuqarolar uchun ta’lim xizmatlarini amalga oshirishda ham tegishli talablar qo‘yiladi.
Bu jarayon ta’limning davomiyligi va barqarorligini ta’minlash, xorijda egallangan ta’lim dasturining mazmuni bo‘yicha maxsus standartlar o‘rnatish, hamda talabaning o‘qish jarayonida to‘siqlarsiz davom etishini kafolatlashga xizmat qiladi. Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetining ikkinchi bosqich talabasi Buyuk Britaniyadagi oliy ta’lim muassasasida ta’lim olishi uchun o‘z malakasiga mos bo‘lgan ta’lim standartlarini bajarishi lozim. Bu esa talabaning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlaydi.
Shu tariqa, Konvensiya nafaqat talabalarning xalqaro akademik mobilligini rag‘batlantiradi, balki O‘zbekistonda milliy malaka talablari va standartlarini xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirib, ta’lim tizimining faol integratsiyalashuvini ta’minlaydi.
Konvensiyaning yettinchi moddasiga ko‘ra, ta’limda sifat kafolati Konvensiyaga a’zo davlatlarning milliy organlari hamda xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari orqali ta’minlanadi. Ishtirokchi davlatlar hukumatlararo konferensiyasi esa muntazam ma’lumot almashinuvini ta’minlab, a’zo davlatlarda ta’lim sifatini nazorat qilish va takomillashtirish bo‘yicha yo‘riqnomalar va tavsiyalar ishlab chiqadi.
Shunday qilib, global konvensiya O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari sifati va malakalarni xalqaro standartlar asosida tan olishda eng muhim platformaga aylanib, milliy ta’lim tizimini dunyo maydonida raqobatbardosh va integratsiyalashgan holatga olib chiqadi.
O‘zbekistonning “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilishi mamlakat fuqarolari uchun xorijiy ta’lim tizimiga chuqur kirish imkoniyatlarini yaratdi. Mazkur konvensiya diplom va malakalarni xalqaro miqyosda tan olish uchun yagona huquqiy asosni belgilaydi. Shu orqali O‘zbekiston talabalari chet eldagi oliygohlarda tahsil olish, magistratura va doktorantura dasturlariga teng huquqli qabul qilinishi mumkin.
Ayni zamonda har bir davlat o‘z milliy maqsadlari va talablaridan kelib chiqqan holda xorijda olingan malakalarni baholash, ular asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun alohida shartlar belgilashi mumkin. Bu talablar maxsus sinovlar, qo‘shimcha malaka sertifikatlari yoki qayta tayyorlashni o‘z ichiga olishi mumkin. Konvensiya esa bu jarayonlarni soddalashtirilgan va ochiq mexanizmlar orqali amalga oshirish imkonini beradi,- deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan maqolasida.
Masalan, O‘zbekiston oliygohi bitiruvchisi o‘z malakasini Konvensiyaga a’zo davlatlardan biri — Buyuk Britaniyada soddalashtirilgan tartibda tan oldirib, shu mamlakatda malakali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin. Bu mexanizm nafaqat yoshlar uchun xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh muhit yaratadi, balki milliy malaka tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, konvensiya O‘zbekistonning ta’lim xizmatlari bozori imkoniyatlarini ham kengaytiradi va xorijiy talabalarni mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish uchun zamin yaratadi.
Umuman, YuNESKO Global konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonni jahon ta’lim maydonining teng huquqli ishtirokchisiga aylantirib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, intellektual salohiyatni oshirish va yosh avlodning global miqyosda erkin harakatlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
