Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining o‘zbek tili va adabiyot fani bo‘yicha milliy sertifikatda yuqori ball (A va A+) to‘plagan 14−30 yosh oralig‘idagi fuqarolarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Mablag‘ Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Mazkur xarajatlarni qoplab berish amaliyoti 2025-yil 1-yanvardan boshlanishi reja qilingan.
Ariza beruvchi imtihon topshirish paytida 14-30 yosh oralig‘ida bo‘lishi kerak.
Imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinishi uchun oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball berish huquqini beradigan natija (A+, A daraja) qayd etilishi kerak.
Test natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblangan bo‘lib, talabgorlarga to‘plagan bali asosida quyidagicha sertifikat taqdim etiladi:
70 balldan yuqori ball — A+ daraja;
65 — 69,9 ball — A daraja;
60 — 64,9 ball — B+ daraja;
55 — 59,9 ball — B daraja;
50 — 54,9 ball — C+ daraja;
46 — 49,9 ball — C daraja.
Mazkur o‘zgarish bo‘yicha muhokamalar 9 iyulgacha davom etadi.