“Mening maktabim” loyihasi ochiq byudjet rekordini yangiladi

“Mening maktabim” loyihasi ochiq byudjet rekordini yangiladi

Xabringiz bor, “Mening maktabim” loyihasining 2025/26 o‘quv yilidagi birinchi mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlangan edi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 22-31 oktyabr kunlari maktab o‘quvchilaridan o‘z maktabini qo‘shimcha jihozlash bo‘yicha jami 112 272 ta loyiha kelib tushgan.

 

Bu ko‘rsatkich bilan, “Ochiq budjet” portalida o‘tkazib kelinayotgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonlaridagi rekord yangilandi.

 

Vazirlik, shuningdek, o‘quvchilarni loyihada qatnashishga rag‘batlantirish uchun “Eng qiziqarli loyiha” tanlovini ham e’lon qilgan.

 

Ko‘plab o‘quvchilar interaktiv sensorli panel, raqamli mikroskop va sport jihozlari kabi ta’lim bilan bog‘liq takliflarni ilgari surgan bo‘lsa, ayrimlar maktab uchun virtual ko‘zoynaklar va robototexnika to‘plami sotib olishni taklif qilgan. Musiqa xonasi uchun pianino olish yoki maktab hududida katta shaxmat maydoni qurishni so‘rayotganlar ham bor.

 

Shu bilan birga, portalda sinfxona uchun zamonaviy parta, kiyim javon, suvdon (kuler), jo‘mrak uchun mo‘ljallangan suv isitkich kabi takliflarni ham ko‘rish mumkin.

 

Barcha loyihalar 1-10 noyabr kunlari saralanadi, saralashdan o‘tganlari 11-20 noyabr kunlari ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi. Ovoz berishda faqatgina maktab o‘quvchilari o‘z maktabi bo‘yicha kiritilgan takliflarga ovoz bera oladi.

 

Shu tariqa, “Mening maktabim” loyihasi o‘quvchilarda tashabbuskorlik, liderlik va jamoa bo‘lib ishlash sifatlarini shakllantiradi, davlat budjeti haqidagi tasavvurlarini amaliy tarzda boyitadi.

 

Eng ko‘p ovoz olgan takliflar ro‘yobi uchun har bir maktabga mahalliy budjetdan 62 mln so‘mdan pul ajratiladi.

 

Joriy mavsumda 112 ta tumandagi maktablar qatnashyapti. Qolgan tumanlar dekabr oyida bo‘ladigan ikkinchi mavsumda ishtirok etadi.