Prezidentning 2025-yil 23-oktyabrda “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–316-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tizimini 2030-yilgacha isloh qilishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi, jumladan:
– xalqaro va qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar sonini kamida 250 taga yetkazish;
– 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizga yetkazish;
– kasbiy ta’lim tizimida dual ta’lim ulushini amaldagi 9 foizdan 40 foizga yetkazish;
– kasbiy sertifikatga ega ishlab chiqarish ta’limi ustalari ulushini 30 foizga yetkazish;
– xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlarida ishtirok etgan pedagoglar sonini 100 nafardan 2 500 nafargacha oshirish.
Endilikda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
2026-yildan boshlab 5-may kuni “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanadi. Uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy ta’limni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda o‘tkaziladi.
