Prezidentning 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–308-son qarori qabul qilindi.
Davlat tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
– mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanishga erishish;
– davlat tilining sofligini saqlash va uning lugʻat boyligini muntazam oshirib borish;
– davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
2026-yildan boshlab:
– taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodi yaratiladi;
– maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha pedagoglar uchun oʻquv qoʻllanmalari ishlab chiqiladi:
– maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lugʻatcham” rasmli lugʻat kitobi yaratiladi;
– bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi tashkil etiladi.
