Hukumatning 2025-yil 8-oktyabrdagi ‘‘Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o’qish xarajatlari uchun subsidiya ajratish hamda o’quv markazlarini rag’batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi 632-son qarori e’lon qilindi.
Avvalroq, ushbu qarorga asosan “2+6” dasturi bo‘yicha xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlarga subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.
Qarorga muvofiq 2025-2030-yillarda 100 ming nafargacha yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Yoshlar ishlar agentligi maxsus elektron platforma orqali o‘quv markazlarida yoshlarning xorijiy tillarni o’rganish uchun o’quv mashg’ulotida qatnashishini nazorat qilish, o’qish xarajati uchun to’lovlarni onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish va o‘quv markazlari reytingini shakllantirish va e’lon qilishni ta’minlaydi.
“2+6” dasturiga muvofiq, yoshlarga har oy yakuni boʻyicha quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:
– Toshkent shahrida – BHMning 2 baravarigacha;
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha;
– tuman (shahar)larda – BHMning 1 baravarigacha.
Agentlik tomonidan 2025–2026-yillarda oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻrganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilga qadar har yili 20 ming nafargacha yoshlarga oʻqish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Agar subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, oʻsha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar toʻxtatiladi.
“2+6” dasturi belgilangan xorijiy tillarni bilish boʻyicha ballning (darajaning) kamida minimal koʻrsatkichli sertifikatiga ega boʻlgan ariza beruvchi oʻquv markazi tomonidan unga xorijiy tilni oʻqitish xizmatini koʻrsatgani uchun dastlabki 2 oy uchun oʻqish xarajatini oʻz hisobidan toʻlaganda, keyingi 6 oygacha oʻqish xarajati uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida subsidiya ajratilishini nazarda tutadi.





