OECD xalqaro tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘qituvchilarining o‘rtacha yoshi 39 yoshni tashkil etadi. Bu OECD mamlakatlari o‘rtachasidan qariyb olti yoshga kam.
OECD (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) tomonidan o‘tkazilgan Teaching and Learning International Survey (TALIS 2024) xalqaro so‘rovi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘qituvchilari dunyo miqyosida eng yosh pedagoglar qatoriga kiradi.
Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatdagi o‘qituvchilarning o‘rtacha yoshi 39 yosh, bu OECD mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichidan (45 yosh) ancha past. Shuningdek, 22 foiz o‘qituvchilar 30 yoshdan kichik, yana 22 foizi 50 yoshdan katta. Ushbu raqamlar ta’lim tizimida yosh kadrlar ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
“O‘zbekiston o‘qituvchilari orasida yoshlar ulushi OECD mamlakatlarinikiga qaraganda ikki baravar ko‘p. Bu ta’lim tizimiga yangi avlod o‘qituvchilari faol kirib kelayotganini ko‘rsatadi,” — deyiladi hisobotda.
Gender nisbati bo‘yicha O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 64 foizi ayollar, bu OECD o‘rtachasi (70%)dan biroz past.
Shuningdek, 31 foiz o‘qituvchilar ilgari ta’limdan tashqari sohada ishlagan, ammo atigi 1 foiz o‘qituvchilikni ikkinchi kasb sifatida tanlagan. Bu esa o‘qituvchilik kasbini ongli tanlov sifatida tanlayotganlar soni ortayotganini bildiradi.
Mutaxassislar fikricha, yosh o‘qituvchilar sonining oshishi ta’lim tizimining yangilanishi, metodik yondashuvlarning modernizatsiyasi hamda raqamli savodxonlikning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, OECD — bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bo‘lib, 1961-yilda Parijda tashkil etilgan. Tashkilotga 38 ta mamlakat a’zo. Uning maqsadi — iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va ta’lim sifatini yaxshilash.
OECD dunyo miqyosida ta’lim sohasida eng yirik tadqiqotlarni o‘tkazadi, jumladan:
PISA — o‘quvchilar bilimini baholaydi;
TALIS — o‘qituvchilarning ish sharoiti va tajribasini o‘rganadi.
Uning ma’lumotlari ko‘plab davlatlarda ta’lim siyosatini shakllantirishda asosiy manba sifatida ishlatiladi.

