Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida kattalar savodxonligini oshirish darslarini olib borgan 90 nafar ayol o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Amu.tv manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayollar Ta’lim boshqarmasi tarkibida faoliyat yuritgan bo‘lib, ular asosan qishloqlarda kattalar uchun mashg‘ulotlar tashkil etib kelgan. Ularning maoshi gumanitar tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilgan. Endilikda “Tolibon” bu darslarni to‘liq yopib, barcha ayol o‘qituvchilarni ishdan olgan.
Mazkur qaror “Tolibon”ning 2021-yilda hokimiyatga qaytgach ayollarning ta’lim olish va ishlash huquqlarini keskin cheklagan siyosatining navbatdagi qadamidir. Avvalroq ular qizlarga o‘rta maktab hamda oliy ta’limda o‘qishni taqiqlagan va ayollarning ish faoliyatini asosan sog‘liqni saqlash sohasi bilan chegaralagan edi.
Xalqaro tashkilotlar bunday cheklovlar ayollar va qizlar uchun ta’lim hamda savodxonlik dasturlariga jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidlashmoqda. “Tolibon” esa bu borada hozircha izoh bermagan.
YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, afg‘on ayollarining savodxonlik darajasi 30 foizdan ham past bo‘lib, bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir. BMT qizlar ta’limiga qo‘yilgan taqiqlar va ayol o‘qituvchilarni cheklash Afg‘onistonda oxirgi 20 yilda erishilgan yutuqlarni barbod etishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
