Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yarim yil davomida birorta ham maktab foydalanishga topshirilmagani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu masalaga Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, 2024-yil davomida Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, shuningdek, hukumat qarorlari doirasida 28 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Jumladan, 2 ta yangi maktab qurildi, 21 ta maktabda qo‘shimcha bino barpo etildi (rekonstruktsiya), 5 ta maktab esa kapital ta’mirdan chiqarildi. Ushbu ishlar natijasida 17 900 nafar o‘quvchi uchun yangi o‘rinlar yaratildi.
2025-yilda ham ushbu dastur asosida ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Yashnobod tumanidagi “Bog‘bon” MFY hududida 1650 o‘rinli yangi maktab qurilmoqda.
Bundan tashqari, 12 ta maktabda qo‘shimcha bino qurish ishlari olib borilmoqda, 7 ta maktab esa mukammal ta’mirlanmoqda. Joriy yilda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida jami 11 490 o‘quvchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
