Qozog‘istonlik 18 yoshli Arlan Raxmetjanov maktabni tashlab, ‘‘Y Combinator’’ dasturida qatnashib, o‘zining sun’iy intellekt asosidagi startapi Nozomio uchun 6,2 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan.
Arlan dasturlashga qiziqishni juda erta boshlagan. U dastlab Qozog‘istondagi Amerika maktabida mustaqil ravishda kod yozishni o‘rganib, 15 yoshida esa ilk kompaniyasini yaratishga kirishgan. 2023-yil oxirida u kod yozuvchi agentlar uchun mahsulot laboratoriyasi — Nozomio’ni ishga tushirib, birinchi vositasi Nia ni ishlab chiqqan.
Y Combinator (YC) — bu startaplar uchun tezlashtirish dasturi. U yerda yangi g‘oya yoki kichik kompaniyaga:
– pul (boshlang‘ich investitsiya);
– mentorlar (tajribali mutaxassislar);
– tajriba va aloqalar (investorlar, boshqa asoschilar bilan) beriladi.
3 oylik dasturdan so‘ng startaplar katta investorlarga o‘z loyihalarini taqdim etadi. Shu orqali Airbnb, Dropbox, Reddit kabi yirik kompaniyalar ham bir vaqtlar YC orqali boshlangan.
Arlan Raxmetjanov Product Hunt’da o‘z mahsulotini taqdim etgach, investorlarning e’tiborini tortgan. Hatto maktab darslarida investor qo‘ng‘irog‘i uchun auditoriyadan chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, bu jarayon unga ilk pre-seed investitsiya olish imkonini bergan.
2025-yil aprelida u Nozomio uchun dastlab 1 mln AQSH dollaridan kam mablag‘ yig‘gan. YC Demo Day’dan oldin esa umumiy hisobda 6,2 mln AQSH dollari miqdorida sarmoya jalb qilgan. Seed raund CRV, BoxGroup, LocalGlobe va Y Combinator boshchiligida o‘tkazildi. Shuningdek, Paul Graham va Spotify CTO’si kabi taniqli investorlar ham qo‘shilgan.
Hozirda u AQSHda O-1 vizasi asosida faoliyat yuritmoqda. U kompaniyani hozircha yolg‘iz boshqarmoqda, biroq yaqin orada birinchi xodimini yollashni rejalashtirgan. Uning asosiy maqsadi eng ixcham va yuqori salohiyatli AI startapini yaratish hamda o‘ziga o‘xshagan yosh iste’dodlarni jalb etishdir.

