Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda maktab direktori va psixologlariga xususiy oliygohlarga abituriyent jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilgani haqida xabar tarqaldi.
Xabarda keltirilishicha, Surxondaryo viloyatidagi ayrim maktablarda o‘qituvchi va psixologlarni xususiy universitetga abituriyent jalb qilishga majburlangan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Dildora Musayeva bilan bog‘landik. Uning so’ziga ko’ra, oliy ta’limga kira olmagan abituriyentlarni bo’sh qoldirmaslik uchun nodavlat oliygohlar haqida ma’lumotlar berilgan bo’lishi mumkin. Ammo majburlash holatlari bo’lmagan.
‘‘Xususiy universitetga o’quvchilarni majburlash holati yo’q, bu asossiz. Shunchaki oliygohga kira olmagan abituriyentlarga bo’sh qolmasliklari uchun tavsiya qilingan bo’lishi mumkin. Lekin majburlash holatlari bo’lmagan’’, — ta’kidladi u.
Eslatma: 2024-yil 1-fevraldagi O‘RQ-901-son hujjatga ko’ra, pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash, shuningdek pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash jarimaga tortilishga sabab bo’lishi mumkin.
Ta’lim xabarlari sayti munosabatlar uchun ochiq.


