Prezidentining tegishli qaroriga ko’ra, 2025-yil 1-martdan boshlab musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun nazariy va amaliy taʼlim asosida malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilishi haqida xabar bergan edik.
Bunda birinchi bosqich (test jarayonlari) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan, ikkinchi bosqich (amaliy (ijodiy) imtihon Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilishi belgilangan.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab, (2025-yil avgust-dekabr oylari attestatsiyasidan boshlab):
birinchi bosqich – Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari (40 ta test savoli 1 baldan jami 40 ball);
ikkinchi bosqich – Madaniyat vazirligi tomonidan belgilangan bolalar musiqa va sanʼat maktablarida tashkil etiladigan amaliy (ijodiy) imtihon (4 ta topshiriq 20+15+15+10 jami 60 ball shaklida oʻtkaziladi).
Taʼkidlash joizki, mazkur baholash mezonlari 2025-yil avgust-dekabr oylarida oʻtkaziladigan pedagog kadlar attestatsiyasidan boshlab joriy etiladi (yanvar-iyun oylari attestatsiyasida esa, oʻtgan yillardagidek 50 ta test savoli beriladi).
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining belgilangan oʻquv dasturlarini toʻliq yakunlagan, 11-sinfni tugatganligi toʻgʻrisida umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega boʻlgan bitiruvchilarga “Barkamol avlod” bolalar maktablarida toʻgarak rahbari sifatida ishlash huquqi beriladi.
2025-2026-oʻquv yiliga qadar musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq:
– maktablarning musiqa madaniyati fani oʻqituvchilariga uslubiy yordam koʻrsatish boʻyicha Bolalar musiqa va sanʼat maktablari tayanch sifatida belgilanadi;
– Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari maktablarning musiqa madaniyati fani oʻqituvchilariga uslubiy yordam koʻrsatib boradi;
– musiqa madaniyati fani oʻqituvchilariga 2 bosqichda toifa berish tartibi ishlab chiqiladi va birinchi bosqich (test jarayonlari) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan, ikkinchi bosqich (amaliy (ijodiy) imtihon Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etiladi.
