15 yoshli oʻquvchi qizga uylangan erkak va ularga nikoh oʻqigan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi

15 yoshli oʻquvchi qizga uylangan erkak va ularga nikoh oʻqigan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi

Bolalar ombudsmani Surxondaryo viloyati Denov tumanida 15 yoshli qiz turmushga berilgani holati yuzasidan aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

 

Aniqlanishicha, 8-iyul kuni Denov tumanida yashovchi M.R. (1958 y.t. ayol) voyaga yetmagan nabirasi A.R.ni (2009 y.t. qiz) mazkur tumanda yashovchi M.R.ga (1997 y.t. erkak) turmushga berish marosimini tashkil qilgan. A.R voyaga yetmagani sababli M.R. bilan nikoh qonunda ko‘rsatilgan tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, fuqaro I.M (1950 y.t. erkak) moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh marosimini o‘tkazgan.

 

Mazkur holat yuzasidan 22-sentabr kuni nikoh o‘qigan fuqaro I.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 125−1-moddasi (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish), qizga uylangan M.R.ga nisbatan esa JKning 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq har qanday erta nikoh holatlarini qoralashini bildirdi. 

 

Bunday holat bola huquqlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi hamda qonunda belgilangan tegishli ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi xabarda.

 

Avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu holatda mahalliy profilaktika inspektori tomonidan qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanib, aybdorlarga jarima belgilanganini xabar qilgandi.

 

Qayd etilishicha, hozirda voyaga yetmagan qiz Denov tumanidagi kasb-hunar maktabida ta’lim olmoqda, uning huquqlari va ta’lim jarayoni mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olingan.