Joriy 15-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan oʻtkazgan muloqotida pedagoglarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni aytib o‘tdi.
Unda kelgusi oʻquv yilida davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi ta’kidlandi.
Ta’kidlanishicha, dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga oʻqishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi. Reytingda 100 talikka kirgan maktab va bogʻcha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.
Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi aytildi.
Shuningdek, har yili 500 nafar muallim ilgʻor xorijiy taʼlim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuborilishi qayd etildi.
Bundan tashqari, ayrim o‘qituvchilarga ustama va imtiyozlar taqdim etilishi ilgari surildi:
– yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
– kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
– oʻqituvchilar yangi taʼlim texnologiyalarini keng qoʻllashi uchun kompyuter xaridiga 10 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
– texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama toʻlanadi;
– fan oʻqituvchilari kabi boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama toʻlanadi;
– texnikum direktori va oʻrinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam boʻlmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qoʻshimcha 20 foiz ustama toʻlanadi.
