Chikago universitetining Development Innovation Lab jamoasi (prof. Maykl Kremer rahbarligida) baholagan Personalized Adaptive Learning (PAL) dasturi 17 oy ichida o‘quvchilarda 1,9 yilga teng bilim o‘sishini qayd etdi. Natija PAL joriy etilmagan maktablar bilan solishtirilgan holda olingan, eng sezilarli o‘sish kichik yoshdagi o‘quvchilarda kuzatilgan.
Personalized Adaptive Learning (PAL) dasturi Hindistonning Andhra-Pradesh shtatida amalga oshirilgan. Dastlab 2018-yilda 60 ta maktabda sinov tariqasida boshlangan, keyinchalik kengaytirilgan va hozirda 26 ta tuman bo‘yicha 1 224 maktabni, 325 mingdan ortiq o‘quvchini qamrab olmoqda.
Dastur shtat Ta’lim vazirligi tomonidan yuritiladi, Central Square Foundation strategik hamkor, ConveGenius texnologik hamkor sifatida ishlamoqda.
PAL dasturi qanday ishlaydi?
1. Diagnostika — o‘quvchining bilim darajasini aniqlash. Dastlab o‘quvchilar onlayn yoki planshet orqali qisqa test topshiradilar. Natijalar avtomatik tarzda tahlil qilinadi va har bir o‘quvchining kuchli va zaif tomonlari aniqlanadi. Bu jarayon “diagnostik baholash” deyiladi.
2. Individual topshiriqlar berish. Platforma algoritmlar yordamida har bir o‘quvchiga uning darajasiga mos topshiriq tanlaydi. Masalan, bir sinfda 30 o‘quvchi bo‘lsa ham, har biri o‘ziga mos mashqlarni ko‘radi. Kuchli o‘quvchiga murakkabroq masala, qiyinlanayotganiga esa oddiyroq misollar beriladi.
3. Real vaqtli qayta aloqa. O‘quvchi mashqni bajarishi bilanoq tizim darhol javobini tekshiradi va izohli javob qaytaradi. Agar xatoga yo‘l qo‘ysa, platforma unga qo‘shimcha tushuntirish yoki o‘sha mavzuga oid yangi mashq beradi.
4. Ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish. Har bir o‘quvchining bajarilgan mashqlari, o‘tgan vaqti va natijasi real vaqt rejimida tizimda saqlanadi. O‘qituvchilar maxsus panel orqali kim qaysi mavzuda qiynalayotganini, qaysi o‘quvchi oldinga chiqib ketayotganini ko‘rishlari mumkin. Shu asosda ustoz dars jarayonini moslashtiradi.
5. Bo‘shliqlarni to‘ldirish. Agar o‘quvchi avvalgi mavzuda bo‘shliq qoldirgan bo‘lsa, tizim unga oldingi darajadagi mashqlarni qayta beradi. Bu “spiral yondashuv” deyiladi — ya’ni o‘quvchi asta-sekin yuqoriga ko‘tariladi, lekin poydevorsiz emas. Dastur samarali ishlashi uchun barcha hududlarsa texnik infratuzilma (internet/ qurilma) tengligi taminlanishi kerak.
PAL oldingi darslarning o’rnini to’laligicha bosmaydi, balki u o‘qituvchi boshchiligidagi dars jarayoniga qo’shimcha metod hisoblanadi.
