Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarorining 36-bandiga muvofiq, faqat quyidagi hollarda fan o‘qituvchilariga navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan maksimal ball beriladi hamda ular ushbu o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan ozod etiladi:
– kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan chet tili (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lganlar;
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan kamida B+ (avvalgi tizimda 80 ball yoki undan yuqori) darajadagi umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida sertifikatga ega fan o‘qituvchilariga (boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari bundan mustasno) bo‘lganlar.
Bunda sertifikatga ega pedagoglar attestatsiyaning ikkinchi bosqichida ishtirok etishlari majburiy hisoblanadi. Mazkur imtiyozlar sertifikat amal qilish muddati davomida amal qiladi.
