Hukumatning 2024-yil 12-fevral 87-son qaroriga muvofiq, ayrim hollarda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etayotgan pedagog kadrlarni imtihondan chetlashtiriladi.
Talabgor quyidagi hollarda nazorat sinovidan chetlashtirilgan hisoblanadi:
– nazorat sinovi o‘tkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyot, shpargalka yoki telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirsa;
– nazorat sinovi o‘tkazilayotgan vaqtda boshqa talabgorlar bilan muloqot qilsa;
– nazorat materiallarini auditoriyadan olib chiqishga harakat qilsa, savollarni ko‘chirib olsa;
– savollarni boshqa talabgorga bersa, nazorat sinovini o‘tkazish jarayoniga xalaqit qilsa;
– nazorat sinovi jarayonida videokuzatuv orqali talabgorning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
Nazorat sinovi natijalari nazorat sinovi tugallanganidan so‘ng shu vaqtning o‘zida ma’lum qilinadi, shuningdek, nazorat sinovi natijalari talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Nazorat sinovi natijalari apellyatsiya yakunlariga muvofiq o‘zgarishi mumkin.
Nazorat sinovlari natijalari tahliliga ko‘ra testologiya me’yorlari buzilishi holati aniqlansa, Vazirlik tomonidan nazorat sinovi natijalari bekor qilinadi.
Nazorat materiallari xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash qoidalari buzilsa, xususan, talabgorlar tomonidan nazorat materiallarini oldindan qo‘lga kiritish holati aniqlansa, testologiya me’yorlari buzilgan deb hisoblanadi.
Nazorat sinovi natijasi bekor qilinganda talabgorning xohishiga ko‘ra Vazirlik huzuridagi Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobvarag‘iga kelib tushgan to‘lov miqdori qaytariladi yoki qayta nazorat sinovlari tashkil etiladi.
