Tehron va boshqa hududlardagi universitetlar favqulodda choralarni e’lon qilib, darslar va imtihonlarni to‘xtatdi. Bu choralar Isroil 13-iyundan boshlab Eron harbiy rahbariyati va yadro inshootlariga hujum qilganidan so‘ng, hujum hududlari kengaygani ortidan ko‘rilmoqda.
Ba’zi talabalar o‘z universitetlarini “urush holatida” deb ta’riflagan. Tehrondagi ko‘plab universitetlar talabalarni yotoqxonalarni bo‘shatishga majbur qilgan va poytaxtni tark etishni tavsiya etgan.
Xorijiy talabalar katta guruhlar bo‘lib Tehron chekkalariga yoki undan ham uzoqroqqa ko‘chirilgan. Ba’zilar, jumladan hindistonlik talabalar Armanistonga evakuatsiya qilinganidan so‘ng vatanga qaytarilgan.
Ta’lim vazirligi, universitet xodimlari va boshqa rasmiylar xorijiy talabalarga mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan.
Tehron va boshqa shaharlarda internet xizmati kuchli darajada uzilgan, ba’zilarini esa Eron mudofaa xizmatlari nazoratga olgan. Shu sababli ko‘plab universitetlar hattoki onlayn darslar ham bo‘lmasligini e’lon qildi.
Tehrondagi Amirkabir Texnologiya Universiteti — yotoqxonalari va binolari Eron razvedkasi va xavfsizlik xizmatlari yaqinida joylashgan. 15-iyun kuni universitet vitse-prezidenti imzolagan aylanma xatda “urush holati” va favqulodda holatga tayanib, semestr yakunidagi imtihonlar “keyingi ogohlantiruvgacha” bekor qilinganini e’lon qildi.
Imtihonlar bo‘yicha keyingi e’lonlar “vaziyatga qarab” berilishi aytilgan.
Eron universitetlarida 100 mingga yaqin xorijiy talabalar tahsil olmoqda. Ularning 90 foizi Iroq va Afg‘onistondan kelgan talabalar hisoblanadi.
60 mingdan ortiq afg‘on talabasi Eron universitetlarida o‘qiydi. Tehrondagi afg‘on talabalar soni hatto Kobuldagidan ham ko‘p. Bu ma’lumotni Alloma Tabataboyi universiteti prorektori o‘tgan yili tasdiqlagan edi.
Pokiston xalqaro tibbiyot talabalari assotsiatsiyasi (PIMSA) bayonotiga ko‘ra, yuzlab pokistonlik talabalar Eronni tark etgan yoki yaqin kunlarda tark etishi kutilmoqda.
Eron universitetlarida 1,500 dan ortiq hindistonlik talaba o‘qiydi, ular asosan tibbiy yo‘nalishlarda ta’lim olishmoqda. 450 dan ortiq talaba Shahid Beheshti Universitetida, qolganlari Tehron, Eron Tibbiyot Universiteti va boshqa universitetlarda tahsil oladi.
Hindiston elchixonasi universitetlarning joylashuviga qarab evakuatsiya rejasini tuzgan. Tehron shimolida joylashganlar shimoliy chekkaga, g‘arb va janubdagilar esa boshqa hududlarga ko‘chirilmoqda. Ko‘plab talabalar esa hanuz evakuatsiya qilinishni kutmoqda.
18-iyun holatiga ko‘ra, 100 dan ortiq hind talabasi Armanistonga evakuatsiya qilindi. Boshqalar Tehrondan 150 km janubdagi Qum shahriga ko‘chirilgan. Biroq o’tgan haftada Qum shahri ham havo hujumlariga uchradi.
Jammu va Kashmir Talabalar Assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Armanistonga yetgan barcha talabalar Yerevan (Armaniston poytaxti) mehmonxonalarida joylashtirilgan.
Evakuatsiya qilingan 110 talabaning 90 nafari Jammu va Kashmirdan. Qolganlari Karnataka va Uttar Pradesh shtatlaridan.
Armaniston TIV vakili Ani Badalyan: “Hindiston talabalarini Armaniston orqali evakuatsiya qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Armaniston zarur yordamni taklif qilgan,” dedi.
Talabalarning aytishicha, Eronda o’qishni tanlashlariga sabab arzon kontrakt narxlari, yashash sharoiti va iqlimi bo’lgan.
