Joriy yilning 28-mart kuni Buxoro tumanida joylashgan YATT Xolboyeva Oʻlmas Uzoq qiziga qarashli boʻlgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 2 yoshli bola elektr toki urishi natijasida vafot etgan. Bu haqda Buxoro viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Viloyat prokuraturasining xabariga ko‘ra, ushbu tarbiyalanuvchi 2023-yilda tugʻilgan Sharipov Shaxram elektr toki urishi natijasida vafot etgan.
Dastlabki tergovda mazkur nodavlat MTT tarbiyachisi M.Djumayevaning vazifasiga yoshi va individual xususiyatlarini inobatga olgan holda bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish kabi kasbiy majburiyatlar kirishi belgilangan boʻlsada, oʻz kasbiga nisbatan beparvo hamda oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi va oʻziga biriktirilgan guruhda tarbiyalanuvchilarni qarovsiz qoldirganligi aniqlangan.
2025-yil 2-aprelda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan bogʻcha tarbiyachiga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
