Ma’lumki, joriy yilning 15-aprel sanasidan boshlab, 14-mayga qadar pedagog xodimlar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Ammo vazirlik tomonidan uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyada qatnashmagan pedagog kadrlar uchun qachon test sinovlari bo‘lib o‘tishi ma’lum qilinganicha yo’q.
Chunki, nizomda uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyada qatnashmagan pedagoglar uchun tashkil etiladigan test sinovlari asosiy test sinovlari bo‘lib o‘tganidan keyin aynan qancha muddatda o‘tkazilishi bo‘yicha aniq norma yo‘q. Ya’ni, nizomda test sinovlari boshqa muddatga ko‘chirilishi nazarda tutilgan.
Qaysi holatlar uzrli sabablar hisoblanadi?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 45-bandiga ko‘ra pedagog kadrlar attestatsiyaga uzrli sababga ko‘ra kelmagan bo‘lsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilishi belgilangan.
Nizom talablariga ko‘ra, quyidagi holatlar uzrli sabablarga hisoblanadi:
– xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi;
– davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi;
– respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi;
– vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi;
– yaqin qarindoshining vafoti;
– vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xalqtaliminfo.uz tahririyatga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, attestatsiyada qatnashmagan pedagoglar uchun navbatdan tashqari test sinovlarini kuz oylarida o‘tkazish reja qilinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom 36-bandiga ko‘ra, pedagog kadrlar uchun malaka sinovlari har yili mart-may hamda oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazilishi belgilangan.
«Agar uzrli sabablarga ko‘ra bahorgi attestatsiyada qatnashmagan pedagoglar uchun navbatdan tashqari test sinovlari o‘tkazilishi aniq bo‘lganida, vazirlik 31-mayga qadar test sinovlarini tashkil etgan bo‘lardi. Ushbu muddat esa deyarli tugab bo‘ldi, 31-maydan keyin esa test o‘tkazishning imkoni yo‘q. Chunki vazirlik nizom talablaridan chetga chiqolmaydi. Shu sababli, uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyada qatnashmagan pedagoglar uchun oktyabr-noyabr oylarida test sinovlari o‘tkazilishi aniq», deb yoziladi xalqtaliminfo.uz xabarida.
Eslatma! Bunda pedagog kadrlar uzrli sabablarga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilgan taqdirda, yig‘im takroran undirilmaydi.
