Agrar universitetdagi yongʻin boʻyicha 3 nafar amaldor sudlanmoqda

Agrar universitetdagi yongʻin boʻyicha 3 nafar amaldor sudlanmoqda

Toshkent davlat agrar universitetidagi dahshatli yongʻin ishi boʻyicha 3 amaldor sudlanyapti. Birinchi sud ishi jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudida 21-may kuni boshlanadi.

 

Jinoyat kodeksining 207-modda 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 257-modda 2-qismi b-bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish), 259-modda 2-qismi b-bandi (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) boʻyicha sudlanayotganlar:

 

-universitet bosh energetigi Ahmad Choriyev;

-oʻsha paytdagi birinchi prorektor Sohib Islomov;

-prorektor Dilshod Mamadiyorov.

Agrar universitetdagi yongʻin boʻyicha 3 nafar amaldor sudlanmoqda

Qiziq jihati, oʻsha paytdagi prorektor Sohib Islomov shu yil fevral oyida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.

 

2024-yil 30-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yirik yongʻin sodir boʻlgan edi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda yongʻin 9 qavatli oʻquv binosini qamrab olgani, yaqin atrofdagi binolarga ham oʻtgani aks etgan.

 

Yongʻinni oʻchirishga 15 dan ortiq qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Universitet joylashgan koʻchada avtomobillar harakati cheklanib, aholidan iloji boricha binodan uzoqroq boʻlish soʻralgan.

 

Ikki soat davom etgan yongʻinni oʻchirish operatsiyasiga oʻsha paytdagi favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qoʻldoshevning oʻzi rahbarlik qilgan.

 

Hududi 28 gektar maydon boʻlgan universitetdagi 2 ta bino butunlay yonib ketgan, yana ikkitasiga jiddiy shikast yetgan. Yongʻin oʻquv binolariga jiddiy zarar yetkazgan.