Bugun, 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilda yangi maktablar qurish uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb qilingan. Buning evaziga 58 ta maktab qurilib, 72 mingta oʻquvchi oʻrni yaratilishi ko’zda tutilgan.
Bunga qoʻshimcha ravishda viloyatlar hokimlariga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya kabi davlatlardan investorlar olib kelib, mahalliy tadbirkorlarga sharoit yaratib, maktab qurilishiga 10 million dollardan mablagʻni jalb qilish boʻyicha topshiriq berilgan.
Shuningdek, maktablar quvvatini oshirishning maqbul yoʻllaridan biri xususiy sheriklik ekani taʼkidlangan. Shu bois maktablar va bogʻchalar uchun xususiy sheriklik loyihalarining eʼlonda turish muddati 45 kundan 30 kunga qisqartirilishi qayd etilgan.
Mutasaddilarga joriy yilda maktab taʼlimida kamida 100 ta shunday loyihani boshlash topshirilgan.
