Koʻplab bolalar tilanchilikka jalb qilingani sababli, majburiy ta’limdan qolib ketgani aniqlandi

Koʻplab bolalar tilanchilikka jalb qilingani sababli, majburiy ta’limdan qolib ketgani aniqlandi

Bolalar ombudsmani Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda respublika hududlarida bolalarni tilanchilikka jalb qilish kabi salbiy holatlarni tizimli ravishda tahliliy o‘rganib borayotganini ma’lum qildi.

 

O‘rganishlar bolani mazkur g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilgan ayrim ota-onalar tilanchilikni muntazam ravishda o‘ziga kasb qilib olganligi, ayrim oilalar ijtimoiy ahvoli og‘irligi yoki ikkala ota-onaning ish bilan band emasligi ma’lum boʻlgan.

 

Oʻrganishlar natijasida ko‘p holatlarda tilanchilikka jalb qilingan bolalar majburiy bo’lgan umumiy o‘rta ta’lim doirasidan tashqarida qolganligi aniqlangan.

 

Bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga esa qonunda ko‘zda tutilgan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

 

Har bir hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ushbu oilalarning har biri bilan manzilli ishlash orqali ularning ijtimoiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish va ular takroran majburiy mehnatga jalb qilinmasligi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi.

 

Ombudsmanning xabar qilishicha, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar monitoringi olib borilib, ular uchun zaruriy ijtimoiy xizmat hamda yordamlarni tashkil etish, muhimi esa bolalarning ta’lim huquqini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.