Birlashgan Arab Amirliklari yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish, amaldagi qonunlarni tahlil qilish va ularga o‘zgartirish kiritish jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA muxbiri «Financial Times» gazetasi xabariga tayanib ma’lum qildi.
Buyuk Britaniyaning «Financial Times« gazetasining yozishicha, ushbu tashabbus «sun’iy intellektga asoslangan tartibga solish» deb ataladi. Loyiha doirasida sun’iy intellekt qonunlarning mamlakat aholisi va iqtisodiyotiga ta’sirini kuzatish, shuningdek, huquqiy normativlar, sud qarorlari va davlat xizmatlariga oid katta ma’lumotlar bazasini yaratishda foydalaniladi.
Qayd etilishicha, Abu-Dabi sun’iy intellekt sohasiga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. O‘tgan yili 30 milliard dollar hajmidagi BlackPock sun’iy intellekt infratuzilmasi fondini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus «MGX» kompaniyasi tashkil etilgan.
«Financial Times» gazetasi ushbu qaror ba’zi tadqiqotchilar tomonidan ehtiyotkorlik bilan qabul qilinganini ham ta’kidlagan. Mutaxassislar loyihaning kelgusida huquqiy muammolar va turli noaniqliklarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
