O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlanadi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlanadi

 

Famonga ko‘ra, akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘ladi.

 

 

Akademiyaning asosiy vazifalari:

 

–  islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

 

–  ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

 

–  vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

 

–  diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

 

–  talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;

 

–  mamlakatda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

 

 

Akademiyaga qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi. Akademiya talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilashi va uzaytirishi mumkin.

 

 

Shuningdek, yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish, o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish huquqi berildi.