16 yoshga to‘lgan har bir bitiruvchi o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishi zarur — Vazirlik

16 yoshga to‘lgan har bir bitiruvchi o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishi zarur — Vazirlik

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi telegram kanalida 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o‘z vaqtida PASPORT (ID KARTA) olishlarini so‘radi.

 

 

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar joriy o‘quv yilida maktablarni tamomlayotgan 450 mingdan ortiq o‘quvchining 16 yoshga to‘lgan 23 ming (5,1%) nafari pasport (ID karta) olmaganligi sababli ularning pasport ma’lumotlari elektron bazaga hozircha kiritilmagan.

 

 

Ma’lumki, abituriyentlarning OTMga kirish uchun tegishli hujjatlarni onlayn topshirish jarayonida bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi. Shuning uchun 16 yoshga to‘lgan har bir bitiruvchi o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishi zarurligini ta’kidladi.

 

 

Shuningdek, ushbu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron ma’lumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan.

 

«Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchilar!

 

Farzandingizning Konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashingizni, maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini elektron bazaga kiritib, ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishida zarur ko‘mak berishingizni so‘raymiz», — deb qo‘shimcha qilinadi vazirlik kanalida.

 

 

Ma’lumot uchun: Pasport (ID karta) olish uchun hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari va Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etishlari zarur.