Al-Xorazmiy olimpiadasi natijalari ustamaga ta’sir qiladimi?

Al-Xorazmiy olimpiadasi natijalari ustamaga ta’sir qiladimi?

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari”ga koʻra, tanlovlar, musobaqalarning tuman (shahar) bosqichida pedagog xodim oʻquvchisining ishtiroki uchun ball berilishi nazarda tutilgan.

 

Bunda ustama belgilashda inobatga olinadigan fan olimpiadalari, koʻrik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlar roʻyxati har yili Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

2024-2025-oʻquv yili uchun umumtaʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilashda inobatga olishga tavsiya etiladigan fan olimpiadalari, koʻrik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlar roʻyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 13-yanvardagi 03-14-75-sonli koʻrsatma xati bilan tasdiqlangan.

 

Mazkur roʻyxatda esa Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi ham koʻrsatilgandi. Yaʼni, pedagog xodimlarga ustama tayinlashda faqatgina Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi natijalari hisobga olinishi nazarda tutilgandi.

 

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2025-yil 13-mart kungi 03-14-769-sonli koʻrsatma xatida, pedagoglarga ustama belgilashda inobatga olinadigan fan olimpiadalari, koʻrik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlar roʻyxatiga qoʻshimcha tarzda “Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasi” hamda “Ixtirochilikka qadam” koʻrik tanlovlari ham umumtaʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilashda inobatga olish toʻgʻrisida koʻrsatma berdi.

 

Endilikda “Ixtirochilikka qadam” koʻrik tanlovi hamda Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar (science) olimpiadasining tabiiy fanlar (fizika, kimyo, biologiya) yoʻnalishida oʻquvchilar natijaga erishgan taqdirda pedagoglarga ustama uchun ball berish mumkin boʻldi.

Al-Xorazmiy olimpiadasi natijalari ustamaga ta’sir qiladimi?