Toshkent viloyati Angren shahridagi PIIMA 11-sinf o‘quvchilari Sadriddinova Afro‘za va Ubaydullayeva Shahzoda bir nechta fanlardan sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ikki dugona o‘z natijalari ortida intizom, sabr va to‘g‘ri reja asosida tayyorlanish muhim rol o‘ynaganini ta’kidlaydi.
Afro‘za o‘zbek tili va adabiyotdan A+, matematika A, CEFR C1, tarix B natijalarni qayd etgan bo‘lsa, Shahzoda o‘zbek tili va adabiyot A, tarix B, CEFR B2, matematika C darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Har ikkala o‘quvchi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining filologiya fakultetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchilar bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va rejalari haqida suhbatlashdi.
Ikki dugona — bir maqsad: talabalikka yo‘l
Afro‘za va Shahzodaning yo‘li turlicha boshlangan bo‘lsa-da, ularni birlashtirgan jihat — erta boshlangan harakat va aniq maqsad bo‘lgan.
Afro‘za Sadriddinova sertifikatlar sari yo‘lini 9-sinfdan boshlaganini aytadi. Uning fikricha, bu yo‘lda tez natija kutish emas, balki sabr bilan bosqichma-bosqich ishlash muhim.
Shahzoda esa 9-sinfning oxirgi kunlarida sertifikat olish g‘oyasi paydo bo‘lgan va shu paytdan boshlangan.
“Eng samarali usul — xatolar ustida ishlash”
Tayyorgarlik jarayonida har ikkisi ham o‘ziga xos uslubni tanlagan. Afro‘za doimiy takrorlash va tahlilga urg‘u beradi:
“Sertifikatlarga eng kami 1 yarim oy, eng ko‘pi esa 2 yil tayyorlandim. U vaqtlar doimiy takrorlab, namunaviy testlarni ishlab va xatolarim ustida ishlardim”.
Shahzoda esa xatolar ustida ko‘proq ishlash fikrini ma’qullaydi.
“Savollar men kutgandek bo‘ldi” — “Murakkab, lekin bajarish mumkin”
Imtihon savollari haqida ularning fikri biroz farq qiladi. Afro‘za savollar darajasi o‘rtacha bo‘lganini aytadi:
“Savollar darajasi o‘rtacha, asosan men kutgandek bo‘lgan.”
Shahzoda esa biroz murakkabroq deb baholaydi:
“Savollarning saviyasi o‘ziga yarasha murakkab edi.”
Bu esa savollarning qiyinligi individual tayyorgarlik darajasiga ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.
“Kunlik reja asosida harakat qildim”
Vaqtni taqsimlash masalasida Afro‘za kunlik reja asosida ishlaganini ta’kidlaydi:
“Kunlik reja tuzib, har ikkisini muvozanatda saqlashga harakat qildim. Ba’zan uyqudan biroz voz kechishga ham to‘g‘ri kelgan. Uyqum juda buzilgan holatlarda esa dam olish muhimligini bilgan holda barqaror ushlashga harakat qildim”.
Shahzoda esa sertifikat darslarini kun davomida, maktab darslarini esa kechqurun qilganini aytadi.
“Repetitorlik vazifalarini kun davomida qilar edim, maktab fanlarini esa tunda bajarardim. Menda soat 22.00 da uxlab, ertalab 4.00 da uyg‘onib dars qilardim. Ba’zida bu vaqtlardan kech yotardim”.
“Shoshilmaslik va diqqat bilan ishlash kerak”
Ikki o‘quvchi test ishlash jarayonida ham muhim tavsiyalarni ulashdi. Ularning fikricha, yuqori natijaga erishishda shoshilmaslik va savolni to‘g‘ri tushunish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Afro‘za bu borada quyidagicha deydi:
“Shoshilmaslik kerak, savolni to‘g‘ri tushunish juda muhim.”
Shahzoda esa test strategiyasida avval oson savollardan boshlashni tavsiya qiladi:
“Avval bilgan savollarni ishlash, qiyinlarini esa keyinroq o‘ylab bajarish kerak.”
“Telefonni maqsadli ishlatish kerak”
Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalasida ham ikki o‘quvchi samarali yondashuvni tanlagan.
Afro‘za imkon qadar telefondan cheklanishga harakat qilganini aytadi:
“Telefondan maksimal darajada cheklanishga harakat qildim. To‘g‘ri maqsadda biror ma’lumot o‘rganish uchun foydalandim”.
Shahzoda esa telefonni to‘g‘ri maqsadda ishlatish tarafdori:
“Telefonni ishlatish foydalanuvchining o‘ziga bogʻliq. Telefonda ko‘plab ma’lumotlar, darsliklar va video darsliklardan foydalansa bo‘ladi. Men ko‘pincha ma’lumotlar o‘qish uchun ishlatardim”.
“O‘ziga ishonch va intizom muhim”
Ikkala sinfdoshning fikricha, muvaffaqiyatning asosiy omillari — o‘ziga ishonch, intizom va sabr.
Afro‘za bu borada quyidagilarni ta’kidlaydi:
“Avvalo o‘ziga ishonch, reja asosida ishlash va intizomli, sabrli bo‘lish kerak.”
Shahzoda esa bu fikrni davom ettirib, qat’iyat muhimligini alohida qayd etadi:
“Sertifikatga tayyorlanayotgan tengdoshlarimdan astoydil o‘qishlarini va oldiga qo‘ygan maqsadlariga hech qanday to‘siq va qo‘rquvlarsiz erishishini tilab qolaman”.
Kelajak rejalari
Afro‘za Xitoy tili filologiyasi yo‘nalishini tanlagan bo‘lsa, Shahzoda ham filologiya sohasida o‘qishni maqsad qilgan.
Hozirda ular o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda. Shahzoda ayni paytda rus tilini o‘rganayotganini bildirdi.
Afro‘za va Shahzodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Samarqand viloyati Urgut tumani 14-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Berdiyev Shohnur Anvar o‘g‘li 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
