Maktab direktorlaridan taʼlim sifatiga eʼtibor qaratish va kadrlarni rivojlantirish boʻyicha faollik kutilmoqda. Biroq, amalda, ularning asosiy vaqti maʼmuriy ishlarga sarflanadi.
YUNESKO taʼlim monitoringi boʻyicha yangi jahon hisobotida taʼlim yetakchilariga bagʻishlangan tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Unga ko’ra, maktab direktorlari toʻgʻrisidagi statistika, oʻqituvchi va oʻquvchi tashkilotlari yetakchilari, shuningdek, mintaqaviy va milliy darajadagi taʼlim tizimi boshqaruvi haqida maʼlumotlar keltirilgan.
Maktab direktorlaridan ish beruvchilar va jamiyat nimalarni kutmoqda?
YUNESKO ekspertlari maktab direktorlariga turli xil vazifalar yuklatilishini taʼkidlashmoqda. Ularning faoliyati quyidagi toʻrt asosiy yoʻnalishda umumlashtiriladi:
1. Missiya va maqsadlar belgilash: Oʻqituvchilar faoliyati va oʻquvchilar yutuqlari boʻyicha talablarni belgilash, maktabning missiya va maqsadlarini ishlab chiqish hamda ularni jamoaga yetkazish;
2. Taʼlimga eʼtibor qaratish: Taʼlim dasturlari mazmuni va sifati ustidan nazorat oʻrnatish, oʻqituvchilarning dars berishga yoʻnalganligini kuzatish va oʻquvchilarning rivojlanishini nazorat qilish;
3. Hamkorlik tarmoqlari yaratish: Maktabda va oʻquvchilar oilalari hamda mahalliy jamoatchilik bilan hamkorlik aloqalarini shakllantirish;
4. Kadrlar rivojlantirish: Oʻqituvchilarning malakasini oshirishga koʻmaklashish, ularga individual qoʻllab-quvvatlash koʻrsatish va ularning yutuqlarini baholash;
Bularning barchasi milliy normativ hujjatlarda oʻz aksini topgan. Masalan, hisobot tayyorlash davomida tahlil qilingan 211 taʼlim tizimining 57 foizida maktab direktorlari oʻqituvchilar faoliyatini kuzatish va ularga fikr-mulohaza berish vazifasini bajaradi.
Maktab direktorlari amalda nimalar bilan shugʻullanadi?
YUNESKO taʼkidlaganidek, maktab direktori turli xil mahoratlarga ega boʻlishi lozim. Bular orasida maʼlumotlarni tahlil qilish va qaror qabul qilishdan tortib, rivojlangan emotsional intellektgacha boʻlgan koʻnikmalar mavjud. Shuningdek, u qabul qilinayotgan qarorlarni milliy qonunlar, global tamoyillar, pedagogik ilm-fan va oʻqitish nazariyalari bilan uygʻunlashtirishi zarur.
Bundan tashqari, maktab direktorlari oʻz vaqtlarining katta qismini maʼmuriy ishlarga sarflashadi. Masalan:
– Kambagʻal yoki oʻrta daromadli mamlakatlar (Ekvador, Filippin, Pokiston va Keniya): Maktab direktorlari oʻz vaqtlarining 68 foizini boshqaruv vazifalariga sarflashadi.
– Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR): OESD davlatlarida direktorlarning uchdan biri hisobotlar, byudjet, jadval va byurokratik talablar bilan mashgʻul boʻlib, taʼlim jarayonini nazorat qilish uchun vaqt qolmaydi.
– Gretsiya: Maktab direktorlari ish vazifalarining keng doirasini sanab oʻtdilar, shu jumladan, oʻrinbosar oʻqituvchilarni yollash va ularning ish haqini tashkil etish, santexnik chaqirish, ota-onalardan rozilik olish, transport politsiyasi bilan avtobus jadvallarini muvofiqlashtirish va hokazo.
Maktab rahbari lavozimiga tayinlash jarayoni hamma joyda ham maxsus tayyorgarlik bilan oʻtkazilmaydi, bu amaliyot atigi 60% davlatlarda mavjud.
“Dunyoning 46% davlatlarida maktab direktori boʻlish uchun faqat oʻqituvchilik tajribasi talab qilinadi, 34% davlatlarda esa bundan tashqari, qandaydir boshqaruv tajribasi ham kerak boʻladi. Natijada, yangi maktab rahbarlari koʻpincha boshqaruv malakasisiz tajribali oʻqituvchilar boʻlib chiqadi”, — deyiladi hisobotda.
YUNESKOning oʻtgan yilgi taʼlimni monitoring qilish boʻyicha Jahon hisobotida ekspertlar taʼlimda raqamli texnologiyalardan foydalanishda ehtiyotkor boʻlishni tavsiya qilgan va ayrim holatlarda maktablarda smartfonlarni taqiqlashni asosli chora sifatida qoʻllab-quvvatlagan edilar. Shundan buyon Rossiyada “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartishlar kiritilib, maktablarda aloqa vositalaridan faqatgina oʻquvchilarning hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid boʻlganda foydalanish mumkinligi belgilangan.