1. Menejerlik sertifikati qanday ahamiyatga ega?
Menejerlik sertifikati — davlat maktabi direktori lavozimida ishlash huquqini beruvchi hujjat. Vazirlar Mahkamasining (25.12.2023 yildagi 681-son) qarori bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.
2. Menejerlik sertifikatining muddati qancha?
Maktablarda faoliyat yuritayotgan direktorlar har 5 yilda bir marotaba yuqoridagi qaror talablariga muvofiq menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi.
3. Menejerlik sertifikatiga ega mutaxassislarga ustama bormi?
2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan quyidagi rahbar xodimlarga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:
– maktab direktorlariga — 50 foiz;
– maktab direktori o‘rinbosarlariga — 30 foiz.
4. Sertifikat olish uchun o’quv kursining davomiyligi qancha?
O‘quv kurslarining davomiyligi 144 soatni tashkil qilib, bir oy davomida o‘qitiladi. Kursdagi auditoriya mashg‘ulotlarining eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
O‘quv mashg‘ulotlari nazariy, amaliy va maktab amaliyotidan iborat bo‘ladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Institutda, maktab amaliyoti esa maktab hamda ta’lim boshqaruvini amalga oshiradigan tashkilotlarda o‘tkaziladi.
5. Nomzod qanday holatlarda o‘quv kursidan chetlashtiriladi?
Nomzod quyidagi holatlarda o‘quv kursidan chetlashtiriladi:
– o‘quv intizomini va ichki tartib-qoidalarni buzganligi uchun;
– o‘quv kursidagi dars mashg‘ulotlarini uzrli (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshining vafoti) sabablarsiz 18 soat va undan ortiq qoldirgani uchun;
– salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
– nomzodga nisbatan sud hukmi asosida;
– vafot etganligi sababli.
Eslatma! O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi.
6. O’qish davomida direktor yoki mutaxassislarning ish haqi va lavozimi saqlanadimi?
Direktorlarning o‘qish davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va amaldagi o‘rtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi.
Ishdan ajralgan holda o‘quv kurslarda ishtirok etish uchun yuborilgan direktorlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar ularning asosiy ish joyidan qoplanadi.
Shuningdek, direktorlar birinchi marta menejerlik sertifikatini olgandan so‘ng, keyingi menejerlik o‘quv kurslarida o‘qish va menejerlik sertifikatini olishda nomzod sifatida ishtirok etadi.
7. O’qish tugagach, yakuniy imtihondan o’tish tartibi qanday?
Nomzodlar uchun yakuniy sinovlarni o‘tkazish jadvallarini ishlab chiqish, tasdiqlash, sinovlarni o‘tkazish, ularning
natijalarini e’lon qilish Markaz tomonidan amalga oshiriladi. Yakuniy sinovlarni o‘tkazish sanasi sinovlar o‘tkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin e’lon qilinadi. Markaz yakuniy sinov o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risidagi ma’lumotni maxsus portal orqali nomzodning shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Yakuniy sinovlar ularning bevosita ishtirokida maxsus jihozlangan xonalarda qog‘oz yoki elektron shaklda o‘tkazilishi mumkin. Imtihon 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat bo‘ladi. Ularni bajarish uchun jami 80 daqiqa vaqt beriladi.
Test sinovlari uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun 10 ball va amaliy topshiriqlar uchun 40 ball (jami 100 ball) beriladi.
70 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga sertifikat beriladi. Bunda nomzodlar har bir yo‘nalish bo‘yicha kamida 50 foiz ball yig‘ishi talab etiladi.
8. Ayrim sabablar bilan imtihonga qatnasha olmaydiganlarga qo’shimcha imkoniyat beriladimi?
Agar nomzod turli sabablarga ko‘ra yakuniy sinovda ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa, Markazga yakuniy sinov o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin yozma yoki elektron shaklda murojaat etishi lozim.
Uzrli sababga ko‘ra (kasalligi yoki oila a’zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) yakuniy sinovlarda qatnasha olmagan nomzod yakuniy sinov boshlangan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Markazga bevosita yoki elektron shaklda taqdim etishi lozim. Bunda nomzodning navbatdagi yakuniy sinovga kiritilishi ta’minlanadi.
3 092