Bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilash taklif etilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Bugun, 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga bir yillik majburiy maktabga tayyorlovni umumiy o‘rta ta’lim tizimiga kiritish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, bir yillik maktabga tayyorlovni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etish, shuningdek, bolalarning mazkur tayyorlovdan o‘tish huquqini kafolatlash nazarda tutilgan.
Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirish hamda ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Eslatib o’tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishib, 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
