Yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarining bir qismi “2+6” dasturi orqali davlat hisobidan qoplab beriladi. Bunda dastlabki ikki oylik ta’lim xarajatini yoshlarning o‘zi to‘laydi, keyingi olti oygacha bo‘lgan davr uchun esa belgilangan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktyabrdagi 632-son qaroriga muvofiq, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ingliz, nemis, fransuz, yapon, koreys va xitoy tillarini o‘rganish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi belgilangan.
Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun yoshlar tegishli xorijiy til bo‘yicha kamida boshlang‘ich darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.
Dastur “2+6” tamoyili asosida ishlaydi. Bunda dastlabki ikki oylik ta’lim xarajati tinglovchining o‘zi tomonidan to‘lanadi. Keyingi olti oygacha bo‘lgan davr uchun xarajatlar esa davomatga mutanosib ravishda Yoshlar ishlari agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Subsidiya bevosita o‘quv markaziga o‘tkaziladi.
Oylik subsidiya miqdori hududga qarab quyidagicha belgilanadi:
- Toshkent shahrida — BHMning 2 baravarigacha;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida — BHMning 1,5 baravarigacha;
- tuman va shaharlarda — BHMning 1 baravarigacha.
Dastur doirasida faqat belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan va elektron davomat tizimiga ulangan o‘quv markazlaridagi ta’lim xarajatlari qoplab beriladi.
Qanday ariza beriladi?
Yoshlar Yonda ilovasi orqali OneID yordamida tizimga kirib, xorijiy til bo‘yicha sertifikatini elektron platformaga yuboradi. Sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlangach, o‘quv markazi va o‘qituvchini tanlab, elektron shartnoma rasmiylashtiradi. O‘quv markazi shartnomani tasdiqlaganidan so‘ng dastlabki ikki oylik to‘lov amalga oshiriladi.
