Muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan hamda respublika yoki xalqaro sport musobaqalari yoxud fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni egallagan harbiy xizmatchilar uchun oliy harbiy ta’lim muassasalariga testsiz qabul qilinish imkoniyati belgilandi. Bunda nomzodlar ajratilgan kvotalar doirasida tegishli saralash bosqichlaridan o‘tishi lozim.
Vazirlar mahkamasining ‘‘O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish tartiblariga yangi bandlar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, quyidagi ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilishda test sinovlarisiz o‘qishga kirish imkoniyati beriladi:
- Amir Temur nomidagi DXX akademiyasiga — DXX tizimida muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan, respublika yoki xalqaro sport musobaqalari yoxud fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni egallagan hamda dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar;
- Jamoat xavfsizligi universitetiga — Milliy gvardiya tizimida muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan, tegishli musobaqa yoki olimpiadalarda birinchi o‘rinni egallagan va dastlabki saralashdan o‘tgan harbiy xizmatchilar;
- Oliy harbiy ta’lim muassasalariga — mas’ul vazirliklar tizimida muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan, tegishli musobaqa yoki olimpiadalarda birinchi o‘rinni egallagan hamda harbiy-professional yo‘naltirish va dastlabki saralashdan o‘tgan harbiy xizmatchilar.
Nomzodlar test sinovlarisiz, tegishli yillik kvotalar doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinadi. Imtiyozli kvotalar Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning umumiy soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bakalavriat bosqichiga qabul qilish tartibiga o‘zgartirish kiritilganlgi haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, ayrim toifadagi nomzodlar belgilangan yillik kvota doirasida yakuniy suhbat bosqichidan ozod etiladi.
