Bugun 2026-yil davomida o‘quvchilar tomonidan nufuzli xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan jami 257 ta medal sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro olimpiada g‘oliblariga jami 17 milliard so‘mdan ortiq pul mukofoti topshirildi.
21-noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2025–2026-o‘quv yilida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Talimxabarlari.uz muxbiri ham ishtirok etdi.
G‘oliblarni rag‘batlantirish uchun davlat byudjetidan jami 17 milliard 11 million so‘m ajratilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy o‘quv yilida O‘zbekiston terma jamoalari 29 ta xalqaro olimpiadada qatnashib, jami 257 ta medalni qo‘lga kiritgan. Ularning 44 tasi oltin, 93 tasi kumush va 120 tasi bronza medallaridir.
Hududlar kesimida Toshkent shahri 102 ta medal bilan yetakchilik qilmoqda. Navoiy viloyati 23 ta, Buxoro va Xorazm viloyatlari 16 tadan, Namangan viloyati esa 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar matematika, informatika, kimyo, biologiya, sun’iy intellekt, geografiya, nemis tili va iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi xalqaro musobaqalarda ham muvaffaqiyat qozongan. Jumladan, matematika olimpiadasida 5 ta oltin va 3 ta bronza, informatika olimpiadasida bir oltin va uch bronza, kimyo olimpiadasida esa bir oltin va uch kumush medal qo‘lga kiritilgan.
Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda oltin medal sohibiga 1 milliard 100 million so‘m, uning ustoziga 198 million so‘m mukofot beriladi. Kumush medal uchun mos ravishda 660 million va 110 million so‘m, bronza medal uchun esa 440 million va 66 million so‘m ajratiladi.
Boshqa xalqaro olimpiadalarda oltin medal uchun 66 million, kumush medal uchun 44 million, bronza medal uchun 22 million so‘m mukofot belgilangan. Mintaqaviy olimpiada g‘oliblari ham pul mukofotlari bilan taqdirlandi
Shuningdek, g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘ona oshiriladi. Ular shu fan bo‘yicha dars berishda davom etsa, lavozim maoshiga har oy 100 foiz ustama oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar o‘rtasida biologiya fani bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.
