Buxoro shahridagi 42-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining texnik holati yomonlashgani sababli o‘quvchilar boshqa ta’lim muassasalariga ko‘chirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi munosabat bildirdi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 1958-yilda qurilgan, loyihaviy quvvati 800 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda ayni vaqtda 1 329 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Maktab binosining texnik holati keskin yomonlashgan. Jumladan, musiqa zali joylashgan uchinchi qavatning tom qismi qulab tushgan. Boshqa sinf va o‘quv xonalarining tom qismlarida ham cho‘kishlar va konstruktiv deformatsiyalar aniqlangan.
Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining 2026-yil 9-noyabrdagi xatida maktabning o‘quv binolari foydalanishga yaroqsiz deb topilgan va ulardan foydalanishni taqiqlash tavsiya etilgan.
Shu sababli ta’lim jarayonini Buxoro shahridagi 44-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Buxoro yuridik kollejining bo‘sh turgan binolarida davom ettirish choralari ko‘rilmoqda.
Boshqarma ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘quvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda 42-maktab hududida ta’mirlash ishlari olib borilmayapti. Faqat o‘quvchilar va pedagoglarni xavfsiz binolarga ko‘chirish, shuningdek, yangi manzillarda ta’lim jarayonini tashkil etish uchun zarur jihozlar hamda o‘quv vositalarini tashish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu ishlar yakshanba kuni maktabning texnik xodimlari va o‘z ixtiyori bilan yordam berayotgan ota-onalar ishtirokida tashkil etilgan. Boshqarma o‘quvchilar bu jarayonda qatnashmayotgani va hech qanday mehnat ishlariga jalb qilinmaganini ta’kidlagan.
