Janubiy Koreyada o‘quvchi imtihonda sun’iy intellektdan foydalanib, eng yuqori natijani qayd etdi

Janubiy Koreyada o‘quvchi imtihonda sun’iy intellektdan foydalanib, eng yuqori natijani qayd etdi

Imtihonda sun’iy intellektdan foydalanib, eng yuqori natijani qayd etgan talaba muhokamalar markaziga tushib qoldi. U o‘z aybini tan olgan, ammo boshqa talabalarda umumiy havotir yo‘qolgani yo‘q.

Janubiy Koreyada joriy yilning aprel va iyul oylari milliy soliq maslahatchisi (Certified Tax Accountant) malaka imtihoni bo‘lib o‘tgan.

Imtihonda nomzodlardan biri Han eng yuqori natijani qayd etdi. U imtihonning har ikki bosqichida ham peshqadamlik qilib, 400 balldan 397,5 ball to‘plagan va 160 ta savoldan faqat bittasiga noto‘g‘ri javob bergan. Bu holat talabalar va tashkilotchilarning e’tiborini tortdi.

Politsiya surishtiruvi davomida Han advokati orqali imtihonda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanganini tan olgan. U bayonotida imtihon vaqtida elektron qurilmalar va generativ sun’iy intellektdan foydalanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, imtihon savollarini maxsus mikrokamera yordamida suratga olgan, ularni sun’iy intellekt vositasiga yuborgan va olingan javoblarni smartfon orqali tekshirgan.

Mazkur holat Janubiy Koreyada katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Talabalarda 20-noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan mamlakatdagi yillik milliy universitetga kirish imtihoni — Suneung oldidan xavotirlarni kuchaytirgan.

Shundan so‘ng, hukumat vakillaridan biri vaziyatga jiddiy yondashilayotganini bildirgan. Bundan tashqari, siyosat bo‘yicha prezident devoni rahbari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq o‘zbekistonlik talaba Janubiy Koreyada 1 yil-u 4 oyga qamalgani haqida xabar bergan edik.