Qashqadaryoda yana bir 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

Qashqadaryoda yana bir 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

Qashqadaryolik 11-sinf o‘quvchisi Ergashov Abulqosim beshta fandan milliy sertifikat olib, ular orqali jami 189 ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ldi. U ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rganini, bunga reja, intizom va o‘ziga bo‘lgan ishonch yordam berganini aytadi.

Ergashov Abulqosim Dilshod o‘g‘li Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfida tahsil oladi. U kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilgan va tibbiyot oliygohlarining davolash ishi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

Abulqosimning milliy sertifikat olishga bo‘lgan qiziqishi ham aynan oliygohga kirish maqsadi bilan bog‘liqligini aytadi. U sertifikatlarni olish uchun ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

“Milliy sertifikat olish niyati paydo bo‘ldi va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdim. Bu jarayonning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor edi. Men ikki yil davomida tayyorgarlik ko‘rdim”, — deydi u.

Natijada Abulqosim beshta fandan milliy sertifikatga ega bo‘ldi. U matematika fanidan C, tarixdan B, o‘zbek tili va adabiyotidan C, kimyodan A hamda biologiyadan A darajalarini qayd etdi. Ushbu sertifikatlari orqali jami 189 ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Uning aytishicha, har bir fan o‘ziga yarasha mehnat talab qilgan. Shu sababli u biror fanni alohida oson yoki qiyin deb ajratmagan.

“Har bir fanning o‘ziga yarasha mashaqqati bor edi”, — deydi Abulqosim.

Abulqosim milliy sertifikat imtihonlaridagi savollarni standart darajadagi ekanligini qayd etadi. Sertifikat olish jarayonidagi eng muhim jihatlardan biri — o‘qishga bo‘lgan qiziqish. Uning o‘zida ham aynan shu qiziqish bo‘lgani uchun tayyorgarlik jarayonini ortiqcha qiyinchilik sifatida qabul qilmagan.

Shuningdek, u bir vaqtning o‘zida maktab darslari va sertifikat imtihonlariga tayyorgarlikni reja va intizomga amal qilgani haqida ta’kidlaydi.

“Men hamma narsamni reja va intizom asosida qilganman. Shuning uchun hammasiga ulgurdim”, — deydi u.

O‘quvchi tayyorgarlik davomida deyarli har kuni “ololamanmi?”, “uddalay olamanmi?” degan savollar xayolidan o‘tganini aytadi.

“Men tushkunlikka har kuni tushardim. ‘‘Ola olamanmi, uddalay olamanmi?’’ degan savollar o‘tardi. Ustozlarimning ishonchi ham men uchun muhim edi. Yuqori natija qilish uchun baribir qo‘rquv ham bo‘lishi kerak ekan, deb bilaman”, — deydi u.

Abulqosim o‘ziga bo‘lgan ishonchni ham tayyorgarlikning bir qismi deb hisoblaydi. Har bir darsini bajarib bo‘lgach, o‘ziga “hammasini uddalay olaman” deb aytganini ta’kidlaydi. Shuningdek, u milliy sertifikat olishni istayotgan tengdoshlariga esa maqsadni oldindan aniq belgilab, ko‘proq harakat qilishni tavsiya qiladi.

“Milliy sertifikat olaman, deb yurgan tengdoshlarimga ko‘proq harakat qilib, oldindan natijani aniq qo‘yishni maslahat beraman”, — deydi u.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf oʻquvchisi Iskandarov Islombek SAT imtihonidan 1500, IELTSʼdan esa 7.0 ball olganligi haqida xabar bergan edik. U ikkala sertifikatni ham birinchi urinishdayoq qoʻlga kiritgan va ushbu natijalari orqali muddatidan oldin talabalikka erishgan.