Bir oyda 29 ta namoyish: Yevropada talabalar nimadan norozi?

Bir oyda 29 ta namoyish: Yevropada talabalar nimadan norozi?

2026-yilning iyul–sentabr oylarida Yevropaning 12 ta mamlakatida talabalar ishtirokida 29 ta norozilik aksiyasi qayd etildi. Namoyishlarning asosiy sabablari universitetlardagi moliyaviy muammolar, talabalar turar joyi yetishmovchiligi, ta’lim xarajatlarining oshishi va oliy ta’lim muassasalari boshqaruvidagi qarorlar bo‘ldi.

Bu haqda Yevropa talabalar ittifoqining (European Students’ Union — ESU) 2026-yil 12-noyabrda e’lon qilgan hisobotda ma’lum qilindi.

Noroziliklar ortida qanday muammolar bor?

ESU hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 16-iyuldan 16-sentabrgacha Belgiya, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Niderlandiya, Ruminiya, Serbiya, Ispaniya, Turkiya va Buyuk Britaniyada talabalar noroziliklari qayd etilgan.

Jami 29 ta namoyishning 22 tasi aynan shu davrda boshlangan, qolgan yettitasi esa avvalroq boshlangan va yoz oylarida ham davom etgan. Hisobot davri yakunida oltita namoyish hali ham davom etayotgan edi.

Namoyishlarning eng ko‘p qismi Serbiyada kuzatilgan. Bu mamlakatda 11 ta miting qayd etilgan. Niderlandiyada to‘rtta, Italiya va Gretsiyada esa uchtadan norozilik aksiyasi o‘tkazilgan. Ushbu to‘rt mamlakatdagi namoyishlar umumiy qayd etilgan aksiyalarning qariyb 72 foizini tashkil qilgan.

Talabalar noroziliklarining sabablari bir-biridan farq qilgan. ESU ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p uchragan sabab siyosiy boshqaruv va demokratiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Bu yo‘nalish 29 ta namoyishning 15 tasida qayd etilgan.

Shuningdek, 12 ta mitingda ta’lim olish imkoniyati va xavfsizligi, yana 12 tasida universitetlar boshqaruvi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan. 11 ta namoyishda esa talabalarning iqtisodiy ahvoli va yashash xarajatlari asosiy muammolardan biri bo‘lgan.

Italiya va Gretsiyada talabalar turar joyi muammosi

Yevropadagi noroziliklarning muhim sabablaridan biri talabalar uchun arzon va qulay turar joy yetishmasligi bo‘ldi.

Masalan, 30-iyul kuni Italiyaning Rim shahrida talabalar yozgi ta’til davrida universitet yotoqxonalarini bo‘shatish talabiga qarshi namoyishga chiqdi. Ular o‘qishdan tashqari ishlaydigan, amaliyot o‘tayotgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra shaharda qolishga majbur bo‘lgan talabalar uchun muqobil turar joy ajratilishini talab qilishdi.

Gretsiyada ham vaziyat shunga o‘xshash bo‘lgan. 5-sentabr kuni Salonikida, 16-sentabr kuni esa Afinada talabalar uy-joy muammosiga e’tibor qaratish uchun ramziy chodirlar o‘rnatgan.

Ular oyiga 500 yevro miqdorida uy-joy nafaqasi ajratish, ijara narxlarini tartibga solish, universitet yotoqxonalarini yaxshilash va bepul turar joylar sonini oshirishni talab qilgan.

Fransiya, Belgiya va Ispaniyada ta’lim xarajatlari va universitetlar moliyalashtirilishi norozilikka sabab bo‘ldi

Sentabr oyida o‘quv yilining boshlanishi bilan bir qator Yevropa mamlakatlarida ta’limni moliyalashtirish va kontrakt to‘lovlari bilan bog‘liq noroziliklar kuchaydi.

15-sentabr kuni Fransiyada o‘tkazilgan umummilliy namoyishda xorijiy talabalar uchun tabaqalashtirilgan kontrakt to‘lovlari, uy-joy yordami va talabalarning og‘ir iqtisodiy sharoiti masalalari ko‘tarildi.

16-sentabr kuni Bryusselda talabalar ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlarining oshirilishi hamda o‘qishni davom ettirish va davlat tomonidan moliyaviy yordam olishga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi yurish uyushtirdi.

Shu kuni Madrid avtonom universitetida talabalar va xodimlar universitetning yetarli darajada moliyalashtirilmayotgani, binolar va jihozlarning yomonlashgani hamda xodimlar yetishmovchiligiga e’tibor qaratish uchun namoyish o‘tkazdi.

Germaniyaning Drezden shahrida esa talabalar kengashi universitetlar va kampuslarga qatnovchi jamoat transporti xarajatlarini qisqartirishga qarshi namoyishni qo‘llab-quvvatladi.

Serbiyada talabalar demokratiya va javobgarlikni talab qildi

Hisobotda Serbiya alohida o‘rin egallaydi. Mamlakatda qayd etilgan 11 ta namoyishning katta qismi siyosiy boshqaruv, davlat organlarining hisobdorligi va universitetlar faoliyatiga oid masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Talabalar va fuqarolar avval sodir bo‘lgan hujumlar hamda zo‘ravonlik holatlari yuzasidan javobgarlikni ta’minlashni talab qilgan. Avgust oyida Valyevo va Bachka-Palanka shaharlarida xotira tadbirlari va norozilik yig‘inlari o‘tkazilgan.

1-sentabr kuni Belgrad, Novi-Sad va Nish shaharlarida ham temiryo‘l vokzali soyabonining qulab tushishi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan javobgarlik va tergov natijalarini talab qiluvchi yig‘ilishlar davom ettirilgan.

Serbiyada noroziliklar faqat universitetlar bilan cheklanmagan. Nish shahrida rejalashtirilgan temiryo‘l yo‘nalishining aholi yashaydigan hududdan o‘tishiga qarshi chiqilgan, Belgradda esa konchilik, ifloslanish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari ko‘tarilgan.

Niderlandiya va Buyuk Britaniyada xalqaro siyosat ham universitetlar noroziligiga sabab bo‘ldi

Niderlandiyada va Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida talabalar universitetlarning xalqaro hamkorligi, investitsiyalari va ayrim tashkilotlar bilan aloqalariga qarshi norozilik bildirgan.

Niderlandiyaning Utrext shahrida 26-iyul kuni talabalar Isroil ta’lim muassasalari vakillarining European Universities Debating Championship musobaqasida ishtirok etishiga qarshi chiqqan. Namoyishlardan keyin Utrext universiteti va University College Utrecht 30-iyul kuni musobaqani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechgan.

2-sentabr kuni Glazgoda talabalar Britaniya sobiq bosh vaziri Gordon Braun universitetga tashrifi vaqtida namoyish o‘tkazib, oliy ta’lim muassasasining qurol-yarog‘ sanoatidagi investitsiyalarini tanqid qilgan.

Namoyishlar har doim ham talablarni bajarilishi bilan yakunlanmagan

ESU hisobotida norozilik aksiyalarining natijalari ham tahlil qilingan.

Qayd etilgan 29 ta namoyishning beshtasida qisman muvaffaqiyatga erishilgani ko‘rsatilgan. Biroq birorta miting to‘liq muvaffaqiyatli deb baholanmagan. Yana beshta holatda talabalar talablariga javob berilmagani qayd etilgan, beshta holatda vaziyat keskinlashgan.

17 ta aksiyaning yakuniy natijasi esa aniq bo‘lmagan. Shuningdek, hisobotda sakkizta holatda namoyishchilar turli xavf va bosimlarga duch kelgani qayd etilgan. Ular orasida politsiya hibsga olishi, harakatlanishni cheklash, qo‘rqitish va boshqa holatlar bor.

Qo’shimcha ma’lumot uchun, Yevropa talabalar ittifoqi mazkur monitoringning birinchi yilini yakunlab, 2025-yil sentabridan 2026-yil sentabrigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi umumiy hisobot tayyorlashini ham ma’lum qilgan.

Avvalroq, Fransiya hukumati talabalar namoyishidan so‘ng ta’lim tizimini o‘zgartirishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.