HEMIS mobil ilovasida talabalar uchun yana yangi imkoniyatlar ishga tushirildi

HEMIS mobil ilovasida talabalar uchun yana yangi imkoniyatlar ishga tushirildi

Talabalar mobil ilova orqali grant olish uchun onlayn ariza yuborish, fanlar bo‘yicha apellyatsiya berish, elektron kutubxonadan foydalanish va boshqa xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

HEMIS mobil ilovasida talabalar uchun bir qator yangi xizmat va funksiyalar ishga tushirildi. Ular ilova orqali turli murojaatlarni yuborish, o‘quv jarayoniga oid ma’lumotlarni kuzatish hamda qo‘shimcha ta’lim resurslaridan foydalanish imkonini beradi.

Endilikda talabalar ilovaga OneID tizimi orqali xavfsiz avtorizatsiyadan o‘tishlari mumkin. Talabalari mobil ilova orqali quyidagi xizmatlardan foydalanishlari mumkin:

  • grant olish uchun onlayn ariza yuborish, shuningdek, ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlari hamda stipendiya holatini kuzatib borish;
  • fanlar bo‘yicha apellyatsiya arizasini berish hamda taqdim etiladigan hujjatlarni plagiatga tekshirish;
  • UniLibrary elektron kutubxonasidagi adabiyotlardan foydalanish, shuningdek, Coursera platformasidagi kurslarni ko‘rish va ularga ro‘yxatdan o‘tish;
  • ilovada kunduzgi va tungi rejimlardan foydalanish hamda favqulodda vaziyatlarda maxsus SOS tugmasi orqali tezkor yordamga murojaat qilish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HEMIS tizimining 1.9.86-versiyasi taqdim etilib, unda tizimga elektron raqamli imzo (ERI) orqali kirish, qabul kvotalarini elektron rasmiylashtirish hamda talabalar statistikasini turli kesimlarda shakllantirish kabi yangi imkoniyatlar joriy etilgani haqida xabar berilgan edi.