PhD va DSc olish tartibi yangilanadi: tadqiqotchilarni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

PhD va DSc olish tartibi yangilanadi: tadqiqotchilarni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Yangi tartibga ko‘ra, ilmiy daraja olish uchun talab etiladigan maqolalar soni, dissertatsiya hajmi va himoya jarayonlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon talabi ham bekor qilinishi rejalashtirilgan.

 

O‘zbekistonda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish tartibi o‘zgarishi kutilmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risida”gi yangi nizom loyihasi ishlab chiqilgan.

 

Hujjat Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoniga muvofiq tayyorlangan bo‘lib, uni 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiritish nazarda tutilgan.

PhD va DSc uchun ilmiy maqolalar soni o‘zgaradi

Jarayon.uz saytining yozishicha, PhD ilmiy darajasini olish uchun kamida 8 ta ilmiy ish e’lon qilish talab etiladi. Shundan kamida 3 ta maqola milliy ilmiy jurnallarda, bittasi xalqaro ilmiy bazalar ro‘yxatidagi jurnalda chop etilishi kerak. Shuningdek, xalqaro va respublika konferensiyalarining har birida kamida 2 tadan ilmiy material e’lon qilinishi lozim.

 

DSc ilmiy darajasi uchun esa kamida 16 ta ilmiy ish talab qilinadi. Ularning 8 tasi milliy jurnallarda, 2 tasi xalqaro ilmiy bazalardagi jurnallarda chop etilishi, xalqaro va respublika konferensiyalarida esa 3 tadan material e’lon qilinishi kerak.

 

Dissertatsiya hajmi ham belgilanmoqda:

  • PhD uchun — ko‘pi bilan 120 bet;
  • DSc uchun — ko‘pi bilan 200 bet.

Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha dissertatsiya hajmini 30 foizgacha oshirishga ruxsat beriladi.

 

Ayrim tadqiqotchilar dissertatsiya yozmasdan ilmiy daraja olishi mumkin

 

Yangi nizom loyihasida xalqaro ilmiy jurnallarda muhim natijalarini e’lon qilgan tadqiqotchilarga dissertatsiya yozmasdan ilmiy daraja olish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

 

Bunda dissertatsiya o‘rniga kengaytirilgan tadqiqot taqdimoti tayyorlanadi. Ushbu tartibda PhD uchun kamida 6 ta, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 4 ta ilmiy maqola talab etiladi. DSc uchun esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 12 ta va 8 tani tashkil qiladi.

 

Maqolalar belgilangan impakt-faktorga ega xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilgan bo‘lishi, ularning yarmidan ko‘prog‘i esa so‘nggi uch yilga to‘g‘ri kelishi kerak.

 

Himoya jarayonidagi ayrim bosqichlar bekor qilinadi

 

2027-yil 1-yanvardan dissertatsiya himoyasiga oid bir qator tartiblarni bekor qilish rejalashtirilgan. Jumladan:

  • dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokama qilish;
  • dissertatsiya mavzusini OAKda ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • himoya haqida OAK orqali e’lon berish;
  • Ilmiy kengash qarorini OAKda qayta tasdiqlash.

 

Yangi tartibga ko‘ra, dissertatsiya dastlab bajarilgan tashkilotda ekspertizadan o‘tkaziladi. Ijobiy xulosa olingach, tegishli Ilmiy kengashga yuboriladi. Dastlabki ekspertiza PhD uchun ikki oy, DSc uchun uch oy ichida yakunlanishi nazarda tutilgan.

 

Chet tili imtihoni bekor qilinadi

 

Loyihada ilmiy daraja olish uchun chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish talabini bekor qilish ham ko‘zda tutilgan. Bu tartib 2027-yil 1-yanvardan joriy etilishi rejalashtirilgan. Biroq mustaqil izlanuvchilar uchun chet tili imtihoni talabi saqlanib qoladi.

 

Diplom elektron shaklda bir ish kunida beriladi

 

Ilmiy kengash ilmiy daraja berish haqida qaror qabul qilganidan keyin bir ish kuni ichida diplomning elektron shakli talabgorning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan.

 

Diplom yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda uning dublikatini besh ish kuni ichida olish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda.

 

Plagiat uchun javobgarlik kuchaytiriladi

 

Yangi nizom loyihasida ilmiy ishlarda plagiat aniqlangan holatlar uchun javobgarlik choralari ham belgilangan.

 

Xususan, ko‘chirmachilik aniqlansa, talabgorning dissertatsiyasi muhokamadan olinishi va uning ayni mavzu bo‘yicha qayta himoya qilish huquqidan mahrum etilishi mumkin. Shuningdek, ilmiy rahbarlar va attestatsiya jarayonidagi ayrim mas’ullarga nisbatan bir yil muddatga cheklovlar qo‘llanishi nazarda tutilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi o‘zgarishlar hozircha yangi nizom loyihasida nazarda tutilgan. Ular belgilangan tartibda tasdiqlanganidan keyingina kuchga kiradi.

 

Avvalroq, 2027-yil yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinishi haqida ma’lumot bergan edik.